18:34 / 17.03.2022
50740

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati yana uzaytirilmoqda

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati 19 martdan boshlab 2 haftaga to‘xtatiladi. Guvohnomani almashtirishning oxirgi muddatlari mutanosib tarzda 2023 yilning 31 dekabrigacha uzaytirilishi kutilmoqda. 2022 yil 1 aprelidan boshlab haqiqiy emas deb topiladigan haydovchilik guvohnomalari bo‘yicha, istisno tariqasida chora ko‘rilmaydi.

Texnik-profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan 19 martdan – 2 aprel kunigacha haydovchilik guvohnomasi almashtirish xizmati vaqtincha ko‘rsatilmaydi. Bu haqda xabar bergan Davlat xizmatlari agentligining ma’lum qilishicha, guvohnomani almashtirishning oxirgi muddatlarini mutanosib tarzda – 2023 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir guvohnoma almashtirish punktiga kuniga 55-60 nafardan fuqaro murojaat qilganda – to‘liq qamrov uchun o‘rtacha 4 yil vaqt sarf qilinishi rejalashtirilgan. Hozirda esa, bir kunda 500-600 nafar fuqaro murojaat qilmoqda.

Respublika bo‘yicha eski namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan haydovchilar soni – qariyb 5,7 mln. nafarni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, eski haydovchilik guvohnomalarini majburiy almashtirish muddatlari Hukumat tomonidan 2 marotaba (dastlab, 2020 yildan – 2021 yilning oxiriga qadar, keyinchalik 2021 yildan – 2022 yilning so‘ngiga qadar) uzaytirilgan.

Haydovchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida 2018 yilning may oyidan eksperimental tartibda Davlat xizmatlari markazlarida ham “prava” almashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Bunda xizmat uchun nafaqat kelgan holda, balki onlayn shaklda ham murojaat qilish imkoni yaratildi. Bugungi kunda jami 74 ta punktda xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilib, tegishli moddiy-texnikaviy baza bilan ta’minlangan (qurilmalarning 49 tasi – YHXBB bo‘linmalari, 25 tasi Davlat xizmatlari markazlariga o‘rnatilgan).

Amalga oshirilgan ishlar natijasida, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi amaliyotga kiritilgan paytdan boshlab, bugungi kunga qadar 2,6 mln.dan ortiq haydovchilarning guvohnomalari yangisiga almashtirildi.

Davlat xizmatlari agentligi poytaxtda va viloyatlardagi haydovchilarimizga qulaylik yaratish maqsadida "so‘nggi mijozgacha" ish rejimini yo‘lga qo‘ydi. Ma’lumot uchun DXMlarda o‘rtacha bir fuqaroga xizmat ko‘rsatish uchun 4-5 daqiqa vaqt sarflanmoqda. Biroq, o‘tkazilgan tahlillar 3,1 mln.dan ortiq fuqarolarimiz tomonidan hujjatlarni almashtirilmay kelinganligini ko‘rsatdi.

Muammoni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

Birinchidan, haydovchilik guvohnomasini almashtirishning oxirgi muddatlarini mutanosib tarzda – 2023 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Ikkinchidan, haydovchilik guvohnomalari almashtirilmagan fuqarolar sonidan kelib chiqib, tashrif buyuruvchilarning taxminiy soni va asosli talabini inobatga olib, haydovchilik guvohnomasini almashtirish punktlarini kamida ikki barobarga ko‘paytirish rejalashtirmoqda.

Shuningdek, IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning 1 aprelidan boshlab haqiqiy emas deb topiladigan haydovchilik guvohnomalari bo‘yicha, istisno tariqasida tegishli ta’sir choralari qo‘llanilmaydi”, – deyiladi agentlik xabarida.

Demak, ma’lum bo‘ladiki, haydovchilik guvohnomalarini zudlik bilan almashtirishga hojat yo‘q. Tegishli muddat yana uzaytirildi. Lekin baribir bu amaliyotni bajarish lozim.

Top