22:03 / 24.03.2022
49671
Namanganda haydovchiga elektroshoker qo‘llandi. YHXB xodimining bu harakati qonunga zid

Namangan viloyatida YHXB xodimi avtomashinasidan tushishni istamagan haydovchiga elektroshoker qo‘lladi. Viloyat IIB bunga oddiy holat sifatida munosabatda bo‘lmoqda. Vaholanki, xodimning bu harakatlari amaldagi qonun talablarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.

Foto: Videodan kadr

Telegram kanallarda tarqalgan videoda qoidabuzarlik sodir etgani uchun to‘xtatilgan mashina haydovchisi YPX xodimining o‘ziga tegishli transport vositasini jarima maydoniga olib ketishiga qarshilik qilgani ko‘rinadi.

Haydovchi YPX xodimiga yonida o‘tirib ketishni, avtomobilni jarima maydonigacha o‘zi haydab borishini aytgan. Biroq YPX xodimlari bunga rozi bo‘lmay, talabini bajarmagan haydovchiga nisbatan bir necha marta elektroshoker qo‘llagani videoda aks etgan.

Namangan viloyat YHXB tomonidan berilgan bayonotda haydovchining barcha hujjatlari joyida bo‘lgani, faqat muddati o‘tgan jarimasi borligi aniqlangach, YPX xodimi uning boshqaruvida bo‘lgan avtomobilni jarima maydoniga olib bormoqchi bo‘lgani ta’kidlanadi.

“24 mart kuni soat 12:00 lar chamasida Namangan shahar I.Karimov va Qo‘qumboy shohko‘chalari kesishmasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori O.Turg‘unov tomonidan 50 S 484 NA Spark rusumli avtomashinaning 2021 yilda muddati o‘tgan 2 ta jarimasi borligi sababli to‘xtatilib, vaqtinchalik jarima maydoniga joylash bo‘yicha ogohlantirilishiga qaramay, haydovchi qonuniy talabni bajarmasdan xizmat faoliyatini davom ettirishga to‘sqinlik qilgan.

Xodim belgilangan tartibda haydovchini ogohlantirib, elektroshoker moslamasini qo‘llagandan so‘ng haydovchi avtomashinadan tushib, noma’lum tomonga ketib qolgan. Avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilib, haydovchiga nisbatan xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 194-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Namangan viloyat YHXB tomonidan berilgan videobayonot negadir boshqarmaning Telegramdagi rasmiy kanalidan o‘chirib tashlandi. Biroq ushbu video boshqa telegram kanallarda saqlanib qolgan.

Kun.uz’ning IIVdagi manbasi xizmatga oid tegishli buyruqda YPX xodimi ushbu holatda elektroshoker qo‘llashga haqli bo‘lmagani, u faqat faol qarshilik paytida qo‘llanishi mumkinligi belgilanganini ma’lum qildi.

Ichki ishlar organlari to‘g‘risida qonunning 23-moddasida elektroshokerni qo‘llash tartibi keltirilgan. Qonunga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari elektroshok qurilmalarini quyidagi holatlarda qo‘llash huquqiga ega:

  • jinoyatga yoki ma’muriy huquqbuzarlikka chek qo‘yishda;
  • qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsni ushlashda;
  • zo‘ravonlik bilan ushlab turilgan shaxslarni, egallab olingan binolarni, xonalarni, inshootlarni, transport vositalarini va yer uchastkalarini ozod qilishda;
  • fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklarga hamda boshqa g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yishda.

Avvalroq, patrul-post, xizmat jarayonida elektroshoker qurilmalaridan xodimlar yoki fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga shikast yetkazilishining oldini olish, huquqbuzarlar sog‘lig‘iga og‘ir va o‘ta og‘ir tan jarohati yetkazmagan holda zudlik bilan huquqbuzarlik va jinoyat harakatlarni cheklash maqsadida foydalanishi mumkinligi aytilgandi.

Top