10:46 / 02.04.2022
27180
13 ta tuman soliq boshlig‘i lavozimidan olindi, 40 dan ziyod rahbar xodimga intizomiy choralar ko‘rildi

Davlat soliq qo‘mitasining navbatdagi Hay’at majlisida bir nechta hududda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlar lavozimidan ozod etilgan.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Qo‘mita axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Hay’at majlisida1-chorak yakunlari bo‘yicha soliq organlari faoliyat ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Bir qator rahbarlar jazolangan.

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi, Qashqadaryo va Toshkent viloyati DSB, Kogon hamda Andijon shahar DSI rahbarlariga nisbatan navbatdagi intizomiy jazo choralari belgilangan.

Andijon, Olot, Zomin, Paxtakor, Forish, Uchqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Urgut, Jarqo‘rg‘on, Termiz, Sirdaryo, Guliston tumanlari hamda Yangiyer shahar DSI boshliqlari lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, soliq qarzini majburiy undirishga qaratishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun Asaka, Chiroqchi, Mingbuloq, Urgut, Mirzaobod, Sardoba, Bog‘dod, Qumqo‘rg‘on tumanlari hamda Quvasoy va Jizzax shahar DSI bo‘lim boshliqlari lavozimidan ozod etildi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida “Soliq hamkor” tizimi orqali tushgan murojaatlar bilan ishlash hamda ushbu yo‘nalishda nazorat tadbirlarini amalga oshirishdagi jiddiy xato va kamchiliklari uchun Nukus, Jizzax va Andijon shaharlari, G‘ijduvon, Chiroqchi, Karmana, Pop, Urgut hamda Bekobod tumani DSI Sayyor soliq tekshiruvlari bo‘lim boshliqlari ham lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, yuqori natijalarga erishgan Davlat soliq boshqarmalari va 64 ta soliq inspeksiyalari jamoasini moddiy rag‘batlantirishga qaror qilingan.

Avvalroq, Sirdaryoda soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari olgan porasining bir qismini qaytarayotganda qo‘lga tushgani xabar qilingan edi.

Top