07:37 / 05.04.2022
2829
«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi
Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining «Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari to‘g‘risidagi nizom;
  • Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi.

Qaror bilan "Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan (qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlari yoshidan qat’i nazar) farzandlariga davolash, dori vositalari olib berish yoki murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun xarajatlar qoplab berish tartibi tasdiqlangan. Xarajatlar “Ayollar daftari” jamg‘armasi va Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar “Ayollar daftari” bilan ishlash elektron tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish topshirilgan.

Elektron tizim davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. Ushbu tizim yordamida quyidagi imkoniyatlar beriladi:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizning “Ayollar daftari”ga kiritish haqidagi murojaatini bevosita qabul qilish;
  • ushbu murojaatni ko‘rib chiqish natijalari, agarda murojaatni qanoatlantirish rad etilgan bo‘lsa, rad etish asoslarini taqdim etish;
  • “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan yordam turlarini ko‘rsatish;
  • “Ayollar daftari” orqali yordam ko‘rsatilayotgan xotin-qizlarning ro‘yxati va ularning har biriga ko‘rsatilgan yordamlarning aniq turlari, hajmi hamda kelgusida rejalashtirilayotgan tadbirlar bilan tanishib chiqish.

Bundan oldin “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tartibi tasdiqlangandi.

Top