O‘zbekiston | 17:17 / 05.04.2022
13280
4 daqiqa o‘qiladi

«Maktablardagi eng katta muammo - o‘qitish metodikasi eskirgani». Prezident maktab ta’limini isloh qilish haqida

Shavkat Mirziyoyev xalq ta’limi sohasidagi ishlar qoniqarsizligi sabab viloyat va tuman hokimlarini keskin tanqid qildi.

Maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha yil boshida belgilangan topshiriqlar ijrosi, yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

«Yanvar oyida maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha 5 ta ustuvor yo‘nalishda aniq vazifalarni belgilab, barcha masalalar hal qilib berilgan edi.

Lekin birorta islohot oson bo‘lmaydi. 

2022 yilni hokimlarning maktabga e’tibori yili deb e’lon qilganimiz va tuman hokimi «RayONO» mudiri bo‘ladi, degan vazifalarni, afsuski, hamma hokimlar ham hali to‘liq tushunib yetgani yo‘q», dedi davlat rahbari.

Prezident sohadagi ishlar ahvoli qoniqarsizligi uchun viloyat va tuman hokimlarini keskin tanqid qildi.

Jumladan, ikki oyda barcha hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida respublikadagi 852 ta maktabda ta’lim sifati, muallimlar salohiyati va o‘quvchilarning oliygohlarga kirish darajasi ancha pastligi aniqlangan.

Bu borada eng og‘ir ahvol Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘istonda ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda respublika bo‘yicha 1 ming 526 ta maktab bolalar tarbiyasi, davomat, ma’naviy muhit bo‘yicha «qizil» toifaga kiritilgani ta’kidlandi.

Ayniqsa, Toshkent shahridagi 69 ta maktab, Surxondaryoda 169 ta va Qoraqalpog‘istonda 128 ta, Sirdaryoda 54 ta, Farg‘onada 162 ta, Toshkent viloyatidagi 147 ta maktablarda muhit qoniqarsiz deb topilgan.

Maktablardagi eng katta muammo sifatida o‘qitish metodikasi eskirgani keltirib o‘tildi.

«Bu tuman va shahar hokimlari maktab masalalari ichiga umuman kirmaganidan dalolat. Yanvarda o‘tgan selektordan keyin ham ular o‘ziga xulosa qilmagan. 

Ushbu viloyat, tuman va shahar hokimlarini oxirgi marta ogohlantiraman. Agar uch  oyda o‘zgarish bo‘lmasa, jiddiy chora ko‘riladi. 

Bugungi kunda maktabning eng katta muammosi – o‘qitish metodikasining mutlaqo eskirganligi. Afsuski, maktab ta’limi eski qolipdan chiqa olmayapti», dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda hokimlar maktablarda ilg‘or metodikalarni joriy etish bo‘yicha ishlamayotgani ham tanqid ostiga olindi.

«Hamma viloyatlarda prezident maktablari ochildi, ularda zamonaviy ilg‘or metodikalar asosida ta’lim berilmoqda. Xususiy maktablarda ham bunday ilg‘or metodikalar joriy qilinyapti.

Savol tug‘iladi, qaysi hokim o‘z maktablarida ushbu ilg‘or metodikalarni joriy qilish bo‘yicha ishlayapti? Afsuski, hozircha bunday tashabbuslar yo‘q!» dedi prezident.

Shuningdek, respublika bo‘yicha ayni paytda 120 ta maktab yuqori koeffitsiyentda ishlamoqda.

Bundan tashqari, ko‘plab maktab filiallarining ahvoli mutlaqo bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Maktablarni kompyuter bilan ta’minlash bo‘yicha mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ketayotgani tanqid qilindi.

Olis va chekka hududlardagi hamda «og‘ir» sharoitdagi maktablarda ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mavzuga oid