13:09 / 07.04.2022
3824
«Aql va tafakkur uyg‘oq turishi uchun ham jamiyatga tanqidiy fikrlar kerak» - Viktor Alimasov so‘z erkinligi haqida

«Biz erkinlik nima ekanini sezmaymiz. Chunki erkin yashashni istamagan kishi erkin bo‘lolmaydi», - deydi faylasuf.

Viktor Alimasov / Foto: Kun.uz

Faylasuf Viktor Alimasov falsafa, fikr va so‘z erkinligi, siyosiy plyuralizm hamda o‘zbek jamiyatining qator muammolari haqida Kun.uz’ga intervyu berdi.

Avvalroq faylasufning o‘zbek jamiyati haqida falsafa prizmasi orqali qilgan tahlillari va tavsiyalari e’lon qilingandi. Quyida intervyuning ikkinchi qismi bilan matn shaklida tanishishingiz mumkin.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelarkan, mamlakatda avvalgi tuzumdan farqli so‘z erkinligini ta’minlashga harakatlar boshlandi va bu borada ma’lum yutuqlarga ham erishdik. Ammo ayrim kuchlar hamon xalqimiz erishgan bu erkinlikni qayta bo‘g‘ishga, yana o‘sha fikr va so‘z erkinligi senzura qilingan davrlarga qaytishga urinmoqda.

Xo‘sh, siz bir faylasuf o‘laroq, jamiyat uchun so‘z va fikr erkinligi nega kerak deb hisoblaysiz?

— Esingizda bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikka kelgach yozgan birinchi kitobi ham tanqidiy tahlil haqida edi. Bu prezidentning o‘tgan va yangi davrga bo‘lgan munosabati aslida. Tushungan odamga bu o‘ziga xos signal ham edi.

Natijada oxirgi yillarda o‘zbek jamiyatida asta-sekin tanqidiy fikrlash qobiliyati shakllana boshladi. Bu borada biz ko‘plab chiqishlarni, hurfikrlik va plyuralizmga harakatlarni ham ko‘rdik.

O‘ylashimcha, ortga qaytishlar prezident bilan bog‘liq emas. Negaki, aslida qo‘rqoqlikning o‘zi xalqimizga xos xislat. Biz qanchalik halim, mehribon va ehtiyotkor bo‘lsak, bu qo‘rqoqlik simvolidek ko‘rinadi. Biz ana shu halimlik, qo‘rqoqlikdan qutulolmayapmiz va fikrimcha, qutulolmasak ham kerak. Chunki bu xalqning qonida bor.

Bizga erkinlik berilyapti, lekin biz erkin emasmiz. Biz erkinlik nima ekanini sezmaymiz. Chunki erkin yashashni istamagan kishi erkin bo‘lolmaydi.

Inson avvalo erkinlikni istashi kerak. Buning uchun maydonlarda hatto qon to‘kilgan. Ha, G‘arbda odamlar erkinlik uchun qon to‘kkan. Bizda bunday bo‘lmadi. Shuning uchun ham biz uni qadrlamasak kerak.

— Ko‘plab jamiyatshunoslar bugungi o‘zbek jamiyati haqida gapirib, uni birlashtiradigan, oldinga yetaklaydigan yangi g‘oyalar kerakligini aytadi. Xo‘sh, siz faylasuf sifatida bu fikrga qanday qaraysiz? O‘zbek jamiyatini oldinga yetaklab, katta jamiyat bo‘lishi uchun qanday adekvat g‘oyalar kerak?

— Men siyosatshunos emasman. Siz so‘rayotgan g‘oyalar haqida siyosatshunoslar gapirgani ma’qul. Chunki u jamiyatda bo‘layotgan voqealarni yuqoriroqdan ko‘rib turadi va siyosiy yo‘nalishlarni belgilab beradigan fikrlarni ham aynan u aytishi mumkin.

To‘g‘ri, men «Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari», «Yangi O‘zbekiston» yoki «Uchinchi renessans» kabi g‘oyalar va tashabbuslarni e’tirof etishim mumkin.

Ha, bularning hammasi to‘g‘ri gaplar, lekin menda bular jamiyatning barcha qatlamini o‘z atrofida birlashtirishi mumkinmi, degan savol va shubhalar uyg‘onadi. Chunki biz «Yangi O‘zbekiston» desak, ko‘pchilik hayron bo‘ladi, O‘zbekistonning nimasi yangi? Odamlar o‘sha, yon atrofimiz o‘sha, ayrim binolarni aytmaganda, o‘sha obektiv va sub’yektiv borliq.

Mana shu savollar bilan yuqoridagi fikrlar shubhaga olinishi mumkin.

Aql, tafakkur uyg‘oq turishi uchun ham jamiyatga tanqidiy fikrlar kerak.

O‘ylashimcha, gap g‘oyalarni o‘ylab topishda emas. Gap odamlar farovon yashashini ta’minlay oladigan strategiyada. Agar odamlarga va ayniqsa o‘zbeklarga farovon yashash omillarini ko‘rsatsangiz hamda shunga imkoniyat bersangiz, u sizga hech qanday g‘oyasiz ham ergashadi, birlashadi va jonini jabborga berib ishlaydi.

Xullas, o‘zbek xalqi tafakkurida halimlik va uyushqoq bo‘lib yashashga intilish kuchli.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Intervyuni yozib olishda ko‘rsatgan yordami uchun MFaktor jamoasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Top