11:44 / 08.04.2022
21966

Dzyudochi Elbek Abdullayev 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi

Elbek Abdullayev topshirgan doping-sinamada 4 ta taqiqlangan modda aniqlandi va sportchi 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi.

Dzyudo bo‘yicha 2021 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchi Elbek Abdullayevdan musobaqa davrida doping-sinama olingan. 

Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, +100 kg vazndagi sportchi topshirgan doping-sinamasida taqiqlangan moddalar borligi aniqlangan.

Terma jamoa a’zosi hisoblangan sportchida bir emas, 4ta Butunjahon antidoping agentligi tomonidan taqiqlangan ro‘yxatga kiritilgan testosteron, anastrozol, boldenon va oksandrolon moddalari aniqlangan. Ushbu moddalar, ekzogen (tashqaridan organizmga kiritilgan) anabolik androgen steroidlar hisoblanadi.

Sportchi Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko‘rsatilgan antidoping qoidabuzarligini sodir etgan.

Elbek Abdullayev 2022 yil 3 mart kuni Milliy antidoping agentligi huzuridagi Axloq bo‘yicha komissiyasi qaroriga ko‘ra 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Diskvalifikatsiya davri 2022 yil 3 martdan 2026 yil 2 martga qadar etib belgilandi.

Qayd etilishicha, sportchi diskvalifikatsiya davri tugagunga qadar terma jamoa tarkibida xalqaro va milliy toifadagi musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlaridan chetlashtiriladi.

Top