12:56 / 09.04.2022
9987
«Fuqarolarning bank kartasidagi pul mablag‘lari ularning ruxsatisiz yechib olingan» – Markaziy bank

Jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun jarayonga aloqador bo‘lmagan uchinchi shaxslar bank kartalaridan pul mablag‘lari yechib olingani aniqlandi.

Foto: Kun.uz

Kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalaridan ularning roziligisiz tijorat banki tomonidan pul mablag‘lari yechib olingan. Markaziy bank axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu holatda jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun jarayonga aloqador bo‘lmagan uchinchi shaxslar o‘zboshimchalik bilan biriktirilib, mablag‘lar yechib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

«Bunday amaliyotni yo‘lga qo‘ygan «Davrbank»ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qo‘llandi. Shuningdek, bankka fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan (shu jumladan, bank kartalaridan) mablag‘larni qonunchilikka zid ravishda ularning roziligisiz hisobdan chiqarish amaliyotiga chek qo‘yish hamda fuqarolardan shu mazmunda shikoyatlar kelib tushganda ushbu mablag‘lar qaytarib berilishini ta’minlash vazifalari yuklatildi», deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, regulyator barcha tijorat banklarini iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani uchun keskin choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirgan.

Mavzuga oid
Top