17:25 / 12.04.2022
29709
Samodagi arosat: Bir davlatdan uchib, boshqa davlatga qo‘ngan fazogir

Osmon-u falakni zabt etish ham o‘ziga xos kuchli poyga, davlatlar taraqqiyoti va qudratining ramzi bo‘lib kelgan. Inson samoga ilk qadamlar qo‘yganiga ham bugun 61 yil to‘ldi. SSSR 1961 yil 12 aprelda fazoga birinchi kosmonavt – Yuriy Gagarinni chiqarib, katta ustunlikka ega bo‘lgan bo‘lsa-da, yetakchilikni saqlab qola olmadi. Tez orada AQSh fazoviy dasturlarda yaqqol oldinga o‘tib ketdi.

SSSRning ilk fazogir ortidan erishgan eyforiyasi yildan yilga so‘na bordi va oxir oqibat juda g‘alati oqibatlarga ham olib keldi.

Poyga oxiridagi vaziyat

SSSR va AQSh samoni zabt etish poygasi o‘tgan asrning 80-yillariga keliboq aniq manzara hosil qilgan, sobiq ittifoq ming chiranmasin ko‘p jihatdan ortda qolayotgandi. Bu poyga ittifoqning iqtisodiy ahvoliga mutanosib kechdi, ya’ni yerdagi ishlar qanchalik ortga ketgani sari bu samoda o‘z aksini ko‘rsatmay qolmadi.

Vaziyatni 1988 yil 15 noyabrda samoga ko‘tarilgan “Buran” orbital raketoplani ham o‘nglay olmadi. Ittifoq propagandasida juda katta vahima bilan yoritilgan bu parvoz aslida jon chiqardagi qichqiriqqa o‘xshadi-qoldi. Chunki uchuvchisiz samoga ko‘tarilgan “Buran” 100 marta uchib qo‘nishga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, amalda birinchi va oxirgi parvozini amalga oshirdi. Shundan keyin bu qimmatbaho dasturni davom ettirishga imkon ham, pul ham qolmadi.

Ikki davlat fazogiri

Sergey Krikalyov ko‘p jihatdan rekordchi bo‘lgan. Lekin uning yagona jihati bor – Krikalyov rasman bir davlatdan uchib ketib, boshqa davlatga kelib qo‘ngan. Ya’ni u SSSR davrida samoga ko‘tarilgan, qaytib kelib qo‘nganida nafaqat ittifoq tarqalib ketib, Rossiya qabul qilib olgan, balki unga tanish manzaralar butunlay o‘zgarib ketgandi.

1958 yilda Leningradda tug‘ilgan Sergey Krikalyov ham sovet ittifoqi, ham Rossiya Federatsiyasi qahramoni bo‘lgan 4 insonning biri bo‘lgan. U 6 start amalga oshirish va 803 kun samoda bo‘lish bo‘yicha rekordni ham 10 yil davomida saqlab turgan.

1991 yilning may oyida “Mir” stansiyasining 9-ekspeditsiyasi safida samoga ko‘tarilgan Krikalyov komandir Anatoliy Arsebarskiy va britaniyalik fazogir ayol Xelen Sharman bilan manzilga yetib borib ishga kirishishadi. Sherman oldingi tarkib bilan ortga qaytadi va Krikalyov bilan Arsebarskiy stansiyada qolishadi. Butun yoz davomida ular 6 marta ochiq samoga chiqishadi, ko‘plab tajribalar amalga oshirishadi.

Murakkab parvoz

Reja bo‘yicha Krikalyov 1991 yilning iyulida Yerga qaytishi kerak edi. Ammo bu paytga kelib SSSR kosmonavtikasining o‘zi o‘lda-jo‘lda qolayotgan, yerda qorin to‘ymay turgan bir paytda samo bilan birovning ishi bo‘lmayotgandi.

Shunday paytda keyingi parvoz ortga suriladi, Krikalyovga bortmuhandis sifatida stansiyada qolish taklifi bildiriladi. Keyingi ikki parvoz birlashtiriladi va 1991 yilning 2 oktyabrida bortmuhandis sifatida qozog‘istonlik kosmonavt Toktar Aubakirov uchib boradi. Lekin ilk daqiqalardanoq uning uzoq parvozlarga tayyor emasligi ma’lum bo‘lib qoladi. Bu dastur doirasida avstriyalik birinchi fazogir Frans Fibek ham ishtirok etayotgandi. Oradan bir hafta o‘tib, 1991 yilning 10 oktyabrida Aubakirov, Fibek va Arsebarskiylar ortga qaytishadi.

Sergey Krikalyov yana qolishga majbur bo‘ladi va qo‘shimcha bir marta ochiq samoga chiqqanidan so‘ng, 1992 yilning 25 martida Yerga qaytadi. Shu tariqa bu parvoz SSSRdan uchirilgan hamda fazogir Rossiyaga qaytgan birinchi va oxirgi dastur sifatida tarixga kiradi.

Albatta, kosmonavt yer bilan aloqada bo‘lgan, undagi jarayonlardan qisman bo‘lsa-da xabardor edi. Yerdan uzilib arosatda qolish, butun bir ekspeditsiya egasiz samoda kezib yurish xavfi uni o‘ylantirgani aniq.

Faoliyati davomida Sergey Krikalyov 8 marta ochiq samoga chiqqan va unda umumiy hisobda 41 soat 26 minut bo‘lgan. Eng davomlisi 27.07.1991 yil soat 08:44 da amalga oshirilib, 6 soat 49 minut kechgan.

Ittifoqdan keyingi taqdir

Garchi SSSR tarqalib ketgan, hammayoq betartib ahvolga kelgan bo‘lsa-da, Krikalyovga an’anaga ko‘ra oldindan ajratilgan “Volga” avtomobilini taqdim qilishadi va u bu sovg‘ani olgan oxirgi kosmonavt bo‘ldi. Shuningdek, 311 sutka 20 soat 00 min 34 sekund samoda bo‘lgani uchun unga Rossiya Federatsiyasi qahramoni unvoni ham beriladi.

1992 yilda NASA AQSh kemasida uchish uchun tajribali astronavt izlay boshlaydi va Rossiyadan ikki kishi – Vladimir Titov va Sergey Krikalyov jalb qilinadi. Qator sinovlardan keyin Krikalyov tanlab olinadi va ma’lum muddat NASA uchun ishlaydi.

Qator tayyorgarliklardan so‘ng AQSh va Rossiya hamkorligidagi loyihalar amalga oshiriladi va Krikalyov Amerikaning Discovery shattlida uchgan ilk rossiyalik sifatida ham tarixga kiradi.

Krikalyov shundan keyin ham ikki davlat o‘rtasida ishlab yurdi va qator dasturlarni amalga oshirdi. Hozirgi kunda ham u “Roskosmos” korporatsiyasida maslahatchi bo‘lib ishlaydi, psixologiya fanlari nomzodi va samolyotlarda murakkab parvozlar bo‘yicha yetakchi mutaxassis.

Krikalyov Lenin mukofotiga 40 yoshidayoq loyiq ko‘rilgan. 2018 yildagi saylovlarda u Vladimir Putinning ishonchli vakili bo‘lgan.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top