10:58 / 14.04.2022
708
Bolalar ombudsmani o‘z qizlarini shafqatsizlarcha kaltaklagan ona voqeasiga munosabat bildirdi
Foto: Kun.uz

Bir muddat oldin Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida yosh ayol voyaga yetmagan ikki nafar qizini shafqatsizlarcha kaltaklagani aks etgan videolar tarqalgandi. Ushbu holatga Bolalar ombudsmanining O‘zbekistondagi vakili Aliya Yunusova o‘z munosabatini bildirdi.

E’lon qilingan videoni ko‘rishim bilanoq, bu videoni respublikamizda tashkil etilgan Bolalarni himoya qilish masalalari shu’basining Telegram kanaliga yubordim. Chunki ushbu organ shunday bolalarni himoya qilish, ota-onalarini javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning kelajakdagi taqdiri bilan bog‘liq barcha masalalar bilan bevosita shug‘ullanadi.

Hozirda onaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot berildi. Lekin shu bilan birga, hech narsa ota-onalar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni oqlay olmaydi.

Afsuski, oilada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ijtimoiy norma hisoblanib qolmoqda. Ko‘pincha uning oqibatlari muhokama qilinmaydi. Farzandni tarbiyalash uchun zo‘ravonlik zarur, jismoniy kuch jazo sifatida ishlatilishi mumkin, deb hisoblaydigan ota-onalar bor.

Ota-onalar turmush sharoitining og‘irligi, qashshoq va kambag‘alligi, spirtli ichimliklarni iste’mol qilishi va o‘z farzandlarini tashlab ketishi hamda migratsiyasi bolalarning qarovsizligi, tahqirlanishi yoki ekspluatatsiyasi xavfini oshiradi.

Bolalar zo‘ravonlik holatlari haqida gapirmaydilar va shuning uchun kamdan kam hollarda kerakli yordamni olishadi.

O‘zbekiston bolalar huquqlarini, shu jumladan, favqulodda vaziyatlarda himoya qilishga sodiqligini namoyish etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya 1992 yil 9 dekabrda ratifikatsiya qilindi. Davlat o‘z zimmasiga mazkur xalqaro hujjatda qayd etilgan bolalarning barcha huquqlarini, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonliklardan, qiynoqqa solishlardan yoki shafqatsizlik, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakllardagi muomaladan himoya qilish majburiyatini oldi.

O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunida bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida (4-modda) bolaning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish, bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bola sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, bolalar huquqlari va imkoniyatlari tengligini ta’minlash, bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish, bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash belgilangan.

Shu bilan birgalikda, ushbu qonunda davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishi (7-modda), har bir bola o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga egaligi, davlat jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshirishi belgilangan.

Bizga yoki ommaviy axborot vositalarida bolaga nisbatan zo‘ravonlik yoki shafqatsiz munosabatda bo‘lgan birorta ham holat e’tiborimizdan chetda qolmaydi!” deya ta’kidlagan Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova.

Eslatib o‘tamiz, hozirda yosh qizlarini kaltaklagan onaga jinoyat ishi ochilib, holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayol Jinoyat protsessual kodeksining tegishli moddasiga asosan vaqtincha ushlab turilibdi.

Bundan oldin onasi tomonidan kaltaklangan qizlarning holati haqida ma’lumot berilgandi.

Top