14:22 / 16.04.2022
57397
Nafaqat “Moskva”, balki “Toshkent” ham cho‘kkan: g‘arq bo‘lgan harbiy kemalar

Rossiya Qora dengiz flotining gultoji hisoblanadigan “Moskva” raketa kreyseri ukrainlarning raketa zarbasiga uchradi va suvga g‘arq bo‘ldi. Aynan shu kemaga qarata ukrain askari tomonidan yangragan “Rus harbiy kemasi, daf bo‘l” degan jumla mashhurlashgandi.

Fotokollaj: Kun.uz

Garchand rasmiy Kreml kema bo‘ron tufayli cho‘kib ketganini bildirgan bo‘lsa-da, bu rus floti jangovar ruhiga qattiq ta’sir qildi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra qiymati 750 mln dollar bo‘lgan mazkur kreyser suv ostida qo‘nim topgan minglab kemalardan biriga aylandi.

Darsliklarga kirgan “Varyag”

130 metrli jangovar kema 1898 yilda Filadelfiyada yasalgan va 1901 yilda Rossiya floti tarkibiga olingan. “Varyag”ning haqiqiy janglari rus-yapon urushida kechdi va uning dengizchilari darsliklarga qahramonlar sifatida kiritildi. 1904 yilda yapon eskadrasi “Varyag” kreyseri va “Koreyets” kemasini Tinch okeanida qurshovga oladi. Rus tarixchilari ta’kidlashicha, ikkita rus kemasi yaponlarning 14 ta jangovar kemalari bilan jangga kirishadi va yaqqol mag‘lubiyatdan qutulish uchun ruslar “Varyag”ni cho‘ktirib, “Koreyets” kemasini portlatib yuborishadi.

Oradan bir yil o‘tib yaponlar “Varyag”ni suv ostidan chiqarib olishadi va qayta sozlab, “Soya” nomi bilan o‘z flotlari tarkibiga qo‘shishadi. 1916 yilda Rossiya imperiyasi “Varyag”ni sotib oladi. Ammo bu kreyser qismatiga baribir cho‘kib ketish bitilgan ekan – 1925 yilda u Shotlandiya qirg‘oqlaridagi bo‘ronda g‘arq bo‘ladi.

“Dekabrist” paroxodi

Bu kema 1902 yilda Angliyada yasalgan va 1904 yilda Rossiya tomonidan sotib olingan. U ham yaponlar bilan jangda qatnashgan va omon qolgan. Keyinchalik SSSR floti tarkibiga kirgan “Dekabrist”dan jangovar transport korabli sifatida foydalanila boshlanadi. U 8 ming tonna yuk olish va soatiga 22 km tezlikka erishish quvvatiga ega edi.

Ikkinchi jahon urushining eng og‘ir paytlari, 1942 yilda “Dekabrist” Islandiyadan Murmanskka o‘q-dori va boshqa vositalar tashib kelayotgan paytda, Barens dengizida nemislar hujumiga uchraydi. Ekipajdan faqat uch kishi omon qoladi va asirga olinadi.

Harbiy kemalarning asosiy turlari:

Esminetseskadra mina tashuvchisi. Asosiy vazifalari suvosti kemalari va korabllarga zarba berish, havo hujumidan himoyalanish, desant tashish, qirg‘oqdagi obektlarga zarba berish, minalar o‘rnatish. Vazifalari bo‘yicha eng universal kema;

Kreyserkuchli manyovr xususiyati, qirg‘oqdan va qirg‘oqqa, dengizdan ummonga tezkor ko‘cha olishi, xoch (krest) ko‘rinishida turli tomonlarga harakatlanishi uchun shu nomni olgan. Bugungi kundagi kreyserlar qator jangovar vazifalarni bajarish bilan birga o‘z bortida vertolyotlar ham tashiydi;

Avianosetsharbiy samolyotlar uchib-qo‘nuvchi to‘laqonli aerodrom-kema, eng qudratli davlatlarning harbiy salohiyati ramzi, o‘ziga xos suzuvchi shahar;

Fregatjuda qadimiy yelkanli kemalar avlodi. Kreyser va esminetslar o‘rtasidagi toifa. Bugungi kunda sig‘imi 4 ming tonnagacha, tezligi 55 km/soatdan ortiq qurolli kema.

Ataylab va butun boshli flot

1918 yilda, Birinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra Germaniya Antanta bilan sulhga erishadi. Kompen kelishuviga muvofiq 66 ta turli xil jangovar kema inglizlarga topshirilishi kerak edi. Nemislar buni haqiqiy kapitulyatsiya deb qabul qilishadi. Dastlab buyruqlarga bo‘ysunib, kemalar Britaniya sari yo‘l oladi. Ammo nemis dengizchilariga kemadan chiqish, biror bayramni nishonlash yoki ko‘ngilxushlik qilishga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, kemalarni nazorat qilish ham to‘liq inglizlarga o‘tayotgani nemis dengizchilari ruhiyatiga qattiq ta’sir qiladi.

Shunda flot yetakchisi, kontr-admiral Lyudvig fon Royter aql bovar qilmas qaror qabul qiladi. Berlindan taslim bo‘lish va kemalarni topshirish haqida qat’iy buyruq kelganiga qaramay u 1919 yilning 21 iyunida butun flotni cho‘ktirib yuboradi. Admiral fon Royterning bu harakati juda qaltis bo‘lsa-da, o‘z yurtida uni qahramon sifatida qabul qilishadi, hatto dushmanlari bo‘lgan inglizlar ham uni hurmat bilan tilga olishadi.

Cho‘kib ketgan “Toshkent”

1941-42 yillarda Qrim yaqinida juda og‘ir janglar ketar, ularda O‘zbekiston poytaxti nomi bilan atalgan “Toshkent” jangovar kemasi ham ishtirok etayotgandi. Uning boshqa kemalardan farqli jihatlari ko‘p edi: 80 km/soat tezlikka chiqa olar, kulrang yarqiroq rangi ko‘zni qamashtirardi. Eng muhimi – ekipaj alohida dovyurakligi bilan ajralib turardi.

Italiya bilan hamkorlikda yasalgan bu kema uzoq vaqt Volga daryosida suzib yuradi va urush boshlanishi bilan frontga jalb qilinadi. Kema 1939 yilda qurol-aslaha bilan jihozlanib, komandir Vasiliy Yeroshenko boshchiligida Qora dengiz flotida xizmatga kirishadi.

Ikkinchi jahon urushining haqiqiy janglarini u Odessa yaqinida, shaharga hujum qilayotgan nemis-rumin qo‘shinlariga zarbalar berish bilan boshlaydi. Qator janglar bilan birga “Toshkent” transport kemalarini kuzatib borish vazifalarini ham bajaradi. 1941 yilning 30 avgustida “Toshkent” dushmanning uchta samolyoti bombardimoniga uchraydi. Garchi to‘g‘ridan to‘g‘ri bombaga uchramagan bo‘lsa-da, unga jiddiy shikast yetadi. Ta’mirlash jarayonida unga samolyotlar bilan kurasha oluvchi qurollar ham o‘rnatiladi va “Toshkent” yanada jangovar holda safga qaytadi.

1942 yil 26 iyunida kema o‘zining so‘nggi jangovar suzishini amalga oshiradi. Uning bortida ekipajdan tashqari mingga yaqin o‘qchi jangchilar, 50 tonnaga yaqin o‘q-dori, oziq-ovqat, tibbiy vositalar bor edi. Sevastopolga juda jiddiy janglar bilan kirib kelgan “Toshkent” 2000 dan ortiq tinch aholi va yarador askarlarni olib ortga qaytadi va nemislar hujumiga uchraydi. 86 ta samolyot 4 soat davomida 336 ta bomba yog‘diradi, kemaga juda jiddiy shikast yetadi. Deyarli suvga to‘layozgan bo‘lishiga qaramay “Toshkent” jangchilari kurashni davom ettirishadi. Tez orada ittifoq samolyotlari yordamga yetib keladi va kema qutqariladi. Uni tabriklash uchun Kavkaz fronti marshali Semen Budyoniyning shaxsan o‘zi tashrif buyuradi.

Ammo “Toshkent” baribir cho‘kib ketadi. 1942 yilning 2 iyulidagi Novorossiyskdagi navbatdagi jangda uning bortiga ikkita bomba to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadi. 76 dengizchi halok bo‘ladi, 77 nafari og‘ir yaralanadi. Kema qumlik yuzaga o‘tirib qolgan bo‘lsa-da uni qutqarishning iloji bo‘lmaydi, faqat zenit qurollarini boshqa kemaga ko‘chirib o‘tkazadilar.

1944 yilga kelibgina kema suvdan chiqarib olinadi. Ammo uning ahvoli shu qadar abgor ediki, ta’mirlab o‘tirmay metallolomga topshirishga qaror qilinadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra “Toshkent” 20 ming kishi va 2,5 ming tonnadan ortiq yukni tashigan, 17 transportni himoyalab borgan, yirik kalibrda yuzdan ortiq o‘q uzgan, dushmanning bitta aerodromi, 13 ta samolyoti, torpedo kateri va 6 ta artilleriya batareyasini yo‘q qilgan.

G‘arq bo‘lgan “Indianapolis” va 883 inson

AQShning og‘ir kreyseri o‘z davrining haqiqiy flagmanlaridan biri edi. Lekin shunga qaramay 1945 yilning 30 iyulida yaponlar hujumi oqibati u ham suvga g‘arq bo‘ladi va bu zarbalar kema bilan birga 883 kishining hayotiga yakun yasaydi. “Indianapolis” g‘arq bo‘lishi AQSh floti tarixidagi eng yirik yo‘qotish sifatida qayd etilgan.

O‘shanda “Indianapolis” bajarib qaytayotgan vazifa ham juda o‘ziga xos edi. U AQSh tomonidan Yaponiyaga tashlangan atom bombasining juda muhim qismlarini Tinian orolidagi harbiy bazaga tashlab qaytayotgandi. Uning missiyasidan yaponlarning xabari bo‘lganmi, yo‘qmi, noma’lum. Lekin Yaponiya imperiyasi flotining I-58 suvosti kemasi torpedosiga uchraydi va 12 daqiqada cho‘kib ketadi. Bortdagi 1197 kishining taxminan 300 nafari kreyser bilan birga g‘arq bo‘ladi, deyarli 880 kishi qutqaruv qayiqlarida yegulik va suvsiz ochiq ummon ustida qolishadi. 4 kunlik suzish davomida suvsizlik, gallyutsinatsiyalar va issiqdan ko‘pchilik aqldan ozadi. Eng dahshatlisi – akulalar hujumi edi. Taxminan 60-80 dengizchi boshqalar ko‘z o‘ngida nahanglar tomonidan yeb ketiladi va bu raqam ham insoniyatga bir vaqtda akulalar tomonidan qilingan eng katta hujum sifatida qayd etilgan.

Faqat 2 avgustga kelibgina PV-1 Ventura samolyoti ularni topib oladi. 321 dengizchi qutqarilsa-da, ularning ham 4 nafari tez orada vafot etadi.

Yer sharining dengiz va ummonlari ostida yotgan kemalarning aniq sonini hech kim bilmaydi. Birgina Ikkinchi jahon urushi paytida 6 mingdan ortiq harbiy va transport kemalari suv tubiga g‘arq bo‘lgan.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top