15:28 / 11.05.2022
3681
Surxondaryoda vagon g‘ildiragi orasiga yashirilgan 1,7 kilogramm giyohvand moddalar fosh qilindi

Giyohvand moddalarni hujjatlarda bo‘sh deb ko‘rsatilgan vagon g‘ildiraklari orasidan xizmat iti topib bergan.

Foto: Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, “Ayritom” chegara bojxona postida viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamda DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda bojxona xizmati kichik inspektor-kinologiga biriktirilgan xizmat iti yordamida giyohvandlik vositasining navbatdagi yashirin aylanmasi fosh qilingan.

Foto: Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi

“Ayritom” chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib temiryo‘l yuk vagonlari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, hujjatlarga ko‘ra bo‘sh deb ko‘rsatilgan yuk vagonlaridan birining g‘ildiraklari orasiga yashirilgan 2 ta sellofan o‘ramdagi 1 kilogramm 50 gramm «gashish» va 705 gramm og‘irlikdagi «opiy» giyohvandlik moddalari borligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi

Ma’lumot uchun, joriy yilning birinchi choragi davomida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikda bojxona postlari orqali kirib kelayotgan va ichki hududlarda noqonuniy muomalada bo‘lgan jami 141 kilogramm 470 gramm giyohvandlik moddalari va 610 dona giyohvandlik hamda psixotrop tabletkalar to‘xtatib qolingan.

Top