18:52 / 14.05.2022
25531
Tanqiddan so‘ng: Huquq organlari Toshkent shahar SSBB amaldorlarining 4 yillik “biznesi”dan endi xabar topdi

Toshkentdagi 54 ta shifoxonada 2018 yildan beri shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mulozimlariga tegishli xususiy laboratoriya pulli xizmat ko‘rsatyapti. Vaholanki, bungacha bu shifoxonalarda ko‘plab turdagi laboratoriya xizmatlari bepul bo‘lgan. Kun.uz maqolasidan keyin tekshiruv boshlagan Aksilkorrupsiya agentligi korrupsion holatni tasdiqlab, bu haqda Bosh prokuraturani xabardor qildi.

Foto: Boston Globe/ Boston Globe via Getty Images

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mansabdor shaxslari manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani tasdiqlandi. Bu haqda Kun.uz surishtiruvidan keyin tekshiruv boshlagan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.

Agentlik axborotiga ko‘ra, poytaxt SSBB boshlig‘i o‘rinbosarlari va mazkur muassasa huzuridagi “Ho‘jalik hisobidagi tibbiy ko‘rik bo‘limi” DUK direktori “Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” (“SS-LAB”) MChJni ochib, aholiga pulli laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatish shaklidagi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Korxona oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda o‘z filiallarini tashkil qilib, pulli xizmat ko‘rsatgan.

Bu, aksilkorrupsion organning qayd etishicha, manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha normalarga zid. Agentlik o‘rganish natijalari yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritgan; to‘plangan hujjatlarni qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborgan.

Sobiq vazirlar so‘roqqa tutiladimi?

Kun.uz bu holat haqida ilk marta bundan bir yil oldin xabar bergan, lekin o‘shanda na Sog‘liqni saqlash vazirligi, na prokuratura va na Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bunga e’tibor qaratgandi.

Bundan ikki oy oldin Kun.uz mazkur holatga yana bir bor e’tibor qaratib, SSVda vazir o‘zgarganidan keyin bu tanish-bilishchilikka chek qo‘yilishi kutilayotgani haqida ma’lum qildi.

Sobiq sog‘liqni saqlash vazirlari Alisher Shodmonov va Abduhakim Hojiboyev davrida bu yirik ehtimoliy korrupsion holatga e’tibor bermay kelingan.

Aslida bepul xizmatlar uchun pul undirilgan bo‘lishi mumkin

Ma’lumot uchun, “Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJ 2018 yilda tashkil etilgan. Unga tegishli laboratoriyalar 4 yildan beri Toshkent shahridagi 35 ta oilaviy poliklinika, 9ta tuman tibbiyot birlashmasi, 6ta tug‘uruq kompleksi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, shahar birinchi va uchinchi klinik shifoxonalarida aholiga pulli laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatib kelgan.

Vaholanki, 2018 yilgacha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalarida fuqarolar uchun laboratoriya klinik va bioximiya tahlillari bepul bo‘lgan.

Kompaniya ta’sischilari – uch nafar sobiq va amaldagi mulozimlardir:

  • Botirbek Isabekov (33,40 foiz) — 2019-2020 yillarda Toshkent shahar SSBB boshlig‘i, 2022 yil mart holatiga SSBB boshlig‘ining o‘rinbosari;
  • Anvar Rahimov (33,30 foiz) — muqaddam Toshkent shahar SSBBda ishlagan, 2022 yil mart holatiga SSBB tasarrufidagi “Tibbiy ko‘rik bo‘limi” DUK direktori;
  • Ulug‘bek Egamberdiyev (33,30 foiz) — 2022 yil fevral oyigacha Toshkent shahar SSBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

“Bemorlar zarurat bor-yo‘qligidan qat’i nazar, pulli tahlil topshirishga yo‘naltirilgan”

SSV Komplayens ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati boshlig‘i Rustam Jumanov bu haqda quyidagilarni ma’lum qilgan edi.

“O‘rganishlar davomida shifokorlar tomonidan asossiz ravishda, ya’ni zarurat bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar bemorlar pulli tahlillarni topshirishga yo‘naltirilgani, bunga manfaatlar to‘qnashuvi sabab bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bolalar shifoxonalari va tug‘uruqxonalarda bemorlarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, ular qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, tibbiy xizmatlar uchun pul to‘lashga majburlanmasligi kerak. Biroq “Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJning ta’sischilari o‘zlarining lavozim vakolatlari va mavqelaridan foydalangan holda poytaxtdagi 6ta tug‘ruq kompleksi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, shahar birinchi va uchinchi klinik shifoxonalarida aholiga pulli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga erishishgan.

Qolaversa, Toshkent shahridagi 54 ta tibbiyot muassasasida faoliyat olib borayotgan “SS-LAB” laboratoriyalari tahlillarni o‘zi o‘tkazmayotgani, shunchaki o‘rtada vositachi ekani, aholidan olingan namunalar, ya’ni biomateriallarni tibbiy-diagnostika xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa bir korxonaga olib borib topshirishi aniqlandi.

O‘rganishlarimiz aslida ushbu xizmatlarning narxi “SS-LAB”nikidan ancha arzonligi, ushbu firma har bir xizmat ustiga juda katta haq qo‘yib kelgani, buning yuki esa fuqarolar zimmasiga tushib kelganini ko‘rsatdi”, degandi Rustam Jumanov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tibbiyotda yangi monopoliya yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkinligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 178ta laboratoriya bitta operator – “Intermed Innovation”ga berilgani haqida yozgan edik.

Bunga javoban mart oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi surishtiruv boshlaganini xabar qilgan edi. Oradan 2 oy o‘tgan bo‘lsa-da, surishtiruv natijalari yuzasidan ma’lumot berilganicha yo‘q.

Top