Sog‘lom hayot | 00:07 / 18.01.2026
2773
2 daqiqa o‘qiladi

Sil va o‘pka kasalliklariga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yiladi – Sog‘liqni saqlash vazirligi

Joriy yilda 1 million nafar aholini latent sil infeksiyasiga tekshirish, olis va chekka hududlarda yashovchi 200 ming kishini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Foto: The Global Fund/Vincent Becker

O‘tgan yili O‘zbekistonda aholining sil bilan kasallanish ko‘rsatkichi 3,7 foizga kamaydi, deb ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bunda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Farg‘ona viloyati filialida “BD MAX” deb nomlanuvchi ilg‘or tashxis usuli joriy qilingani muhim ahamiyat kasb etdi.

Mazkur texnologiya inson omili ishtirokini kamaytirib, bioxavfsizlikni oshiradi va 2–3 soat ichida ishonchli tashxis natijalarini taqdim etadi.

Ma’lumot berilishicha, oxirgi 3 yil mobaynida su’niy intellekt dasturi bilan jihozlangan 50 ta ultraportativ rentgen uskunasi barcha viloyatlarga yetkazilgan bo‘lib, bu yil respirator kasalliklar ko‘p uchraydigan tumanlar yana 40 ta "sun’iy idrok"ka asoslangan mobil rentgen uskunasi bilan ta’minlanadi. Bu texnologiya yordamida barcha ma’lumotlar “DHIS-2” yagona elektron reyestriga jamlanib, kasalliklarni tahlil qilish va prognozlash imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, mahallalar darajasida ixtisoslashgan tibbiy xizmatni kuchaytirish, teletibbiyotni rivojlantirish, 1 million nafar aholini latent sil infeksiyasiga tekshirish, olis va chekka hududlarda yashovchi 200 ming kishini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid