08:52 / 01.06.2022
12723

Samarqanddagi restoranda o‘tkazilgan to‘yda odamlar ommaviy zaharlandi

13 nafar bemor Jomboy tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Yana 5 nafar bemorning umumiy holati yengil bo‘lgani uchun ular oilaviy shifoxonada davolangan.

Foto: Fotolia / Tom Wang

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Jomboy tumanida joylashgan restoranda o‘tkazilgan to‘yda qariyb 200 kishi zaharlangani aytilgan xabarlar tarqaldi. Hodisa yuzasidan viloyat IIB va Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi. Ahamiyatlisi shundaki, har ikki munosabatda kasalxonaga yotqizilgan bemorlar soni turlicha keltirilgan.

Viloyat IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Jomboy tumanida yashovchi 19 nafar fuqaro tibbiyot birlashmalariga to‘y bazmida ovqatdan zaharlangani yuzasidan murojaat qilishgan. Ulardan 14 nafari sog‘ligining holati qoniqarli ekani sababli ambulator sharoitda davolanishga yuborilgan. 5 nafari tibbiyot birlashmasida davolanmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Ayrim telekanallarda 200 nafar fuqaro zaharlangan deya bergan ma’lumotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va ushbu xabarlar yuzasidan tekshiruv tayinlandi», deyiladi munosabatda.

Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati tuman hududida ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq holat yuz bergani haqidagi xabarlarni rad etdi. Shuningdek, ovqatdan zaharlanganlar soni ham 200 kishi bo‘lmaganini ma’lum qildi.

«Haqiqatan ham Jomboy tumani Olmazor mahallasida yashovchi ayrim fuqarolar qorin og‘rig‘i hamda ko‘ngil aynishi bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Ammo xabarlarda qayd etilganidek, bemorlar soni 200 nafar emas. Shuningdek, holatga aloqadorligi gumon qilinayotgan bazmgoh Samarqand shahrida joylashgan», deyiladi tuman hokimligi axborot xizmati munosabatida.

Jomboy tuman tibbiyot birlashmasidan ma’lum qilinishicha, 28–31 may kunlari yuqumli kasalliklar bo‘limiga 13 nafar bemor yotqizilgan. Umumiy holati yengil bo‘lgan 5 nafar bemorni “Zarafshon” oilaviy shifokor punktida davolash chorasi ko‘rilgan. Patronaj hamshiralar to‘yda ishtirok etgan har bir fuqaro xonadonida bo‘lib, ularning salomatligini nazoratga olishgan.

Avvalroq, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan bog‘chada 25 nafar bola zaharlangandi

Top