20:40 / 03.06.2022
16672

«Yandeks» asoschisi Voloj kompaniya bosh direktorligidan ketdi

Foto: RIA Novosti

Arkadiy Voloj Rossiyaning «Yandeks» kompaniyasi bosh direktorligidan ketdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida e’lon qilindi.

Voloj «Yandeks» direktorlar kengashi, kompaniyadagi barcha lavozimlari, shuningdek, kompaniya qoshidagi boshqa korxonalarda egallagan lavozimlaridan ketgan. Oldinroq Arkadiy Voloj Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragandi.

«Sanksiyalar amalda ekan o‘z oilaviy fondimga qandaydir ko‘rsatma bermoqchi emasman. Trast bu davr mobaynida direktorlar kengashi tavsiyasi bilan ovoz beradi. Bu qarorim kompaniya va aksionerlar uchun foydali bo‘ladi. Qo‘limdan keladigan hamma jabhada jamoaga yordam berishda davom etaman», deyiladi Volojning bayonotida.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi oltinchi paket sanksiyalarni e’lon qildi. Undan Rossiya va Belarusning 65 nafar fuqarosi, shuningdek, 18 ta kompaniya o‘rin olgan. Sanksiyaga tushganlar orasida Voloj ham bor. «Yandeks» asoschisi bo‘lmish Volojning YeI sanksiyasiga uchragani fonida kompaniya aksiyalari 10 foizga arzonlab ketdi. Shu sabab tadbirkor kompaniya rahbarligidan ketgan.

Volojning iste’fosi e’lon qilingan press-relizda yozilishicha, u oilaviy trasti orqali «Yandeks»ning 45,3 foiz ovoz beruvchi va 8,6 foiz iqtisodiy aksiyalariga egalik qiladi. Shu sabab Volojga qarshi sanksiya to‘g‘ridan to‘g‘ri «Yandeks» va uning tarkibidagi korxonalarga ta’sir qilmaydi.

Mavzuga oid
Top