13:32 / 14.06.2022
6500

O‘zbekistonda yil boshidan beri 48 kishi yong‘inlarda halok bo‘ldi

2022 yil 5 oyida respublikada 3449 ta yong‘in yuz berdi, 82 kishi tan jarohati oldi, 48 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Foto: aokamediakontent

Qayd etilishicha, may oyi va iyun oyi birinchi o‘n kunligida yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyat faollashgani kuzatilmoqda. Ushbu davrda sodir bo‘lgan yong‘inlar 981 tani tashkil etib, 106 tasi — qurigan o‘simliklar yonishi, 665 tasi — aholi turar joylari va 210 tasi — boshqa obektlarga to‘g‘ri kelgan.  

Yong‘in kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, aksariyat hollarda aholi yashash joylaridagi yong‘inlar maishiy konditsioner va muzlatkichlardan hamda tozalanmagan quruq o‘tlar yonishidan kelib chiqayotgani ma’lum bo‘lgan.

Brifingda ma’lumot berilishicha, bunday jazirama paytlarda inson uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida, havoni salqinlatuvchi turli elektr qurilmalardan, ayniqsa, konditsionerlardan foydalanish darajasi ortadi. 

Ta’kidlanishicha, konditsionerdan uzoq muddat qarovsiz foydalanish, elektr ta’minoti qoidalariga rioya etmaslik, bitta elektr iste’molchi uchun mo‘ljallangan elektr toki manbalariga katta quvvatga ega bir nechta iste’molchilar ulanishi, elektr kabellar qizishi oqibatida manfiy va musbat simlar qisqa tutashuviga olib kelib, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Top