21:10 / 26.06.2022
11763
SSV: Zangiota kovid-kasalxonalarida 900 ga yaqin bemor davolanmoqda, 100 ga yaqin bemor jonlantirish bo‘limida

Zangiota kovid-kasalxonalarida qancha bemor davolanayotgani ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda shu kunlarda koronavirusga chalinish holatlari yana osha boshladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni paytda Zangiota shifoxonasida vaziyat qandayligi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda 4000 o‘ringa mo‘ljallangan Zangiota 1- va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus tashxisi qo‘yilgan va kasallikka gumonlangan 900 nafarga yaqin bemor davolanmoqda. 93 nafar bemor esa jonlantirish bo‘limida davo muolajalarini olyapti.

«Oxirgi haftani inobatga olsak, yurtimizda kasallanishlar soni biroz ortganini ko‘rish mumkin. Ayni paytda muassasamizga kuniga o‘rtacha 70-80 nafar bemor murojaat qilib, ularning 25-30 nafari gospitalizatsiya qilinyapti.

Biroq shuni aytish kerakki, kasallanishlar soni oshgan bo‘lsa-da, bugun shifoxonaga yotqizilayotgan aksariyat bemorlarda o‘pka zararlanishi, saturatsiyaning pasayishi kabi jiddiy asoratlar kuzatilayotgani yo‘q», deydi Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov.

Muassasa direktori o‘rinbosari Hilola Olimova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, shifoxonada kasallar soni sezilarli darajada ortgani haqida xabarlarga to‘xtalib o‘tdi.

«O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslasak, bemorlar soni juda past. Ayni paytda muassasamizga murojaat qilayotgan va gospitalizatsiyaga ko‘rsatma bo‘lgan bemorlarning barchasi shifoxonaga yotqizilib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Markazimiz yetarli darajada tibbiy anjom va dori vositalari bilan ta’minlangan.

Shu o‘rinda bemorlardan iltimos qilib so‘rardimki, agar o‘zingizda kasallik alomatlarini sezsangiz, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga emas, avvalo, yashash hududingizdagi oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punktiga hamda Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman bo‘limlariga murojaat qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Sababi shifoxonamiz koronavirusga test topshiradigan yoki tana haroratini o‘lchaydigan muassasa emas. Balki, COVID-19’ga chalingan va xastalik og‘ir hamda o‘ta og‘ir kechayotgan bemorlar davolanishi uchun mo‘ljallangan shifo maskanidir», deydi u.

SSV fuqarolardan o‘zi va yaqinlari salomatligiga e’tiborli bo‘lib, kasallikka qarshi o‘z vaqtida to‘liq dozalarda emlanishini so‘ragan.

Mavzuga oid
Top