O‘zbekistondagi tijorat banklarida xorijdan yuborilgan pullarni naqd dollar ko‘rinishida olishda jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Bu holat respublikaning deyarli barcha viloyatlarida kuzatilmoqda.
“Samarqand viloyatidanman. Xotinimning nomiga 500 dollar pul jo‘natgandim. Samarqand shahridagi bankka borsa, 1120-navbatga yozishibdi. Kuni bilan kutib o‘tiribdi, ammo kechga borib dollar yo‘q, faqatgina so‘m bera olamiz deb qaytarishibdi. Ertasiga yana boshqa bankka borgan, ammo tushga yaqin bu bank xodimlari so‘m ham, dollar ham qolmadi deb, pul olishga kelgan barchani qaytarib yuboribdi. Qisqasi, 1 hafta deganda oilamdagilar katta qiyinchiliklar bilan yuborgan pulimni olishdi”, deydi Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlaridan biri.
“Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida banklar dollar berishmayapti. Odamlar boshqa viloyat, Namanganga borib pul olishyapti. U yerda ham uzundan uzun navbatlar bor, odamlar issiqda azoblanmoqda. Qiynalib topgan pulingni o‘zing xohlagan ko‘rinishda ololmasang-a! Bir bankda navbat yetmaydi, birida pul tugagan, yana biri dollar bermas ekan”, deya e’tiroz bildirdi boshqa bir mehnat migranti.
Bu kabi holatlar oxirgi oylarda deyarli barcha viloyatlarda kuzatilgan. Ayniqsa, Samarqand, Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlaridagi banklar dollar ham, so‘m ham qolmaganini iddao qilib, xorijdan yuborilgan pullarni olishga kelgan fuqarolarni qaytarib yuborishgan.
Kun.uz muxbiri suhbatlashgan bank xodimining ma’lum qilishicha, oxirgi 3 haftadan beri jiddiy dollar taqchilligi kuzatilyapti.
“Elektron navbat qilib, Rossiyadan yuborilgan pullarni imkoni boricha asosan so‘m ko‘rinishida, bo‘lmasa dollarda beryapmiz. Ammo valuta bilan jiddiy muammolar kuzatilyapti”, deydi u.
Nega banklarda dollar defitsiti paydo bo‘ldi?
Iqtisodchi Otabek Bakirov naqd dollar yetishmovchiligini qo‘shni davlatlar mehnat migrantlarining ham o‘zbek banklaridan naqd valuta pul yechib olishi ko‘paygani bilan izohlagan.
“O‘zbek banklarida pul o‘tkazmalarini naqd dollarda olish masalasi murakkabligicha qolmoqda. Gap shundaki, qo‘shni davlatlar mehnat migrantlarining O‘zbekistonga pul jo‘natib, naqd yechib olishlari ko‘payganidan birinchi navbatda o‘zimizning qorako‘zlar – vatandosh migrantlarimiz jabr ko‘rishmoqda. Chunki spekulyantlar va ko‘plashib katta pul yuboradiganlardan farqli o‘laroq, o‘zbekistonliklar o‘z oilasiga ko‘pi bilan 500-1000 dollargacha pul yuboradi. Ayrim bank nuqtalarida qo‘shni mamlakatlar yoki spekulyantlar 5 ming dollar yo 10 ming dollar pul yechib olishi bilan bizning o‘zbekistonliklarga, ya’ni kamroq pul o‘tkazmalari jo‘natayotganlarga navbat yetmay qolishi oddiy holga aylanib qoldi.










