21:46 / 01.07.2022
21900
So‘m – 28 yoshda: Milliy valuta evolyutsiyasi

1994 yil 1 iyulda so‘m banknotalari ilk marta muomalaga chiqarilgan edi. 2021-22 yillarda esa so‘m bilan bog‘liq eng esda qolarli yangiliklar yuz berdi.

Foto: Kun.uz

1994 yil 16 iyunda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining milliy valutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, 1994 yil 1 iyuldan O‘zbekiston hududida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan milliy valuta – so‘m muomalaga kiritildi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatda sovet rubli pul birligi sifatida muomalada edi. 1992 yilning yanvaridan iste’mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun bir martalik kuponlar bosib chiqarilgan.

1993 yilning 15 noyabrida so‘m-kupon muomalaga chiqarilgan. Shundan so‘ng 1 hafta o‘tib – 22 noyabrgacha gazeta qog‘ozida chop etilgan va tashkilotining muhri uriladigan kartochkasi qirqib olinuvchi bir martalik kuponlar pul birligi sifatida muomalada bo‘lgan.

So‘m-kuponlar 9,5 oy muomalada bo‘lib, 1994 yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonning milliy valutasi – so‘m muomalaga kiritilganidan so‘ng ham, 1994 yilning 1 avgustiga qadar amal qilgan.

So‘m dastlab 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik tangalar hamda 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘mlik qog‘oz kupyuralar bilan bir vaqtning o‘zida muomalaga kirgan bo‘lsa, o‘zbekistonliklarga 1997-2001 yillar oralig‘ida 200, 500, 1000 so‘mlik kupyuralar tanishtirildi

O‘rta davr – 5 mingdan va 10 ming so‘mgacha

2013 yilda O‘zbekistonda 5 ming va 10 ming so‘mlik pullar muomalaga chiqarildi. Shu bilan o‘tgan 19 yil davomida milliy valuta eng kichik kupyura – 1 tiyinlik tanga va 1 so‘mlik kupyuradan to 10 ming so‘mlik kupyuragacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. So‘m muomala kiritilganidan so‘ng qariyb 20 yil ichida ikki marta yangi pullar muomalaga chiqarildi.

Besh yil: 4 xil yangi pul, yangi dizayn va so‘m ramzi

2017 yildan keyingi davr milliy valuta uchun katta o‘zgarishlar bosqichi bo‘ldi.

2017 yilda o‘zbekistonliklarga birdaniga ikkita yangi kupyura – 50 va 100 ming so‘mlik pullar tanishtirildi. Oradan ikki yil o‘tib, 2019 yilda esa 100 ming so‘mlik pullar muomalaga chiqarildi.

Shu bilan 100 ming so‘mlik pul birligi O‘zbekistondagi eng yirik kupyura bo‘lib qoldi. Yirik kupyuralarning chiqishi bankomatlarni ommalashtirish imkonini berdi.

So‘nggi bir yildagi o‘zgarishlar

O‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonda muomalada bo‘lib turgan deyarli banknotlar dizayni yangilandi.

2021 yil davomida 2 va 20 ming so‘mlik yangi nominaldagi pullar chiqarildi, 5 va 10 ming so‘mliklarning yangi ko‘rinishdagilari paydo bo‘ldi.

Shundan so‘ng dekabr oyida 50 va 100 ming so‘mlik pullar ham yangilandi. Yangi ko‘rinishdagi banknotlar chiqarilishi pullarda zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash va banknotlar tematikasini uyg‘unlashtirish bilan bog‘liq edi.

Jahon amaliyotida har bir mamlakatda banknotlarning tasvirlari yagona mavzu atrofida mujassamlashgan bo‘lib, xuddi shu kabi milliy banknotlar dizaynini ham yagona mavzu atrofida birlashtirish maqsad qilingandi. Bu mavzu Buyuk ipak yo‘li va mamlakatning qadimiy tarixiga qaratilgan.

Shunday bo‘lsa-da, eski ko‘rinishdagi pullar ham muomaladan chiqarib yuborilmadi. Regulyator eski pullar tabiiy yo‘l bilan muomaladan chiqarilishini ma’lum qildi.

Yagona ko‘rinishi yangilanmagan banknot – 1000 so‘mlik bo‘lib qolmoqda. Markaziy bank esa uni yangilash maqsadi yo‘qligini hamda uning o‘rniga tangalar muomalaga chiqarilishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 2024 yilda 200 ming so‘mlik pullar ham muomalaga chiqarilishini ham ma’lum qildi.

So‘m bilan bog‘liq so‘nggi muhim voqealardan yana biri – so‘m ramzining ishlab chiqilishi bo‘ldi. Tarmoqlarda so‘m ramzi ko‘pchilikka yoqmadi. Uni Fransiyaning “In-Core Systems” kompaniyasi logotipiga o‘xshashligi muhokama qilingach, Intellektual mulk departamenti huquqiy jihatdan bu masalada hech qanday muammo yo‘qligini tushuntirdi. Departamentga ko‘ra, qonunchilikda pul belgilari mualliflik huquqi obektlari hisoblanmasligini yozib qo‘yilgan.

So‘nggi ma’lumot o‘rnida: So‘m “tug‘ilgan” kunda valuta birjasida 1 AQSh dollarining qiymati roppa-rosa 7 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, oradan 28 yil o‘tib 1 dollarning rasmiy kursi 10 850 so‘mni tashkil qilmoqda.

Madina Ochilova

Top