– Imtihonlar ochiq havoda o‘tadigan bo‘ldi, abituriyentlarga qanday sharoit yaratiladi?
– Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, test sinovlari ochiq xiyobon va stadionlarda bo‘lishi belgilandi. Ularning ro‘yxati tasdiqlandi va bu to‘g‘risida Davlat test markazi abituriyentlar va ularning ota-onalariga xabar berdi. Qanday tashkil etilishiga keladigan bo‘lsak, birinchi yil emas, uchinchi yil testlarni ochiq stadion va xiyobonlarda tashkil qilyapmiz.
54ta stadion va xiyobon tanlab olingan. U yerda barcha sharoitlar yaratiladi. Birinchidan, abituriyentlar shaxsini identifikatsiyalash, Face-ID orqali tekshirib kiritish, undan keyin har bir guruhga kamera, ikkitadan nazoratchi qo‘yishni rejalashtirganmiz. Undan tashqari, test jarayonlari to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi. Har domgidek ruchka, suv beriladi. Agar maxsus komissiyaning tibbiy niqob berish haqida qarori qabul qilinsa, niqob ham tarqatiladi. O‘tgan yilga solishtiradigan bo‘lsak, tashkilotchilik sifati undan-da yaxshiroq bo‘lishiga harakat qilamiz.
– Yoz oyi bo‘lgani uchun havo harorati juda issiq, abituriyentlarga bosh kiyim tarqatish ko‘rib chiqilmayaptimi?
– Ikki yil davomida bosh kiyimlar tarqatildi. Bu yil hali bu haqda bizga topshiriq yo‘q, chunki joylar tayyorgarligi endi boshlandi. O‘ylaymanki, ochiq joyda bo‘lsa, bosh kiyim ham beriladi. Agar abituriyentlar o‘zining bosh kiyimi bilan kelsa ham, bunga hech qanday cheklov bo‘lmagan.
– Chet tilidan ijodiy imtihon qanday sharoitda o‘tkaziladi? Qaysi sanadan qachongacha va ularni baholash mezoni qanday bo‘ladi?
– Bu yil Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 6ta oliy ta’lim muassasasida chet tili birinchi til sifatida kiritilgan bo‘lsa, ularga ijodiy imtihon olinishi hamda prezident qarori bilan ijodiy imtihon topshiradigan yo‘nalishlarga 10 iyulgacha ro‘yxatga olish belgilandi. Doimiy ravishda bu haqda abituriyentlarni ogohlantiryapmiz, hamma 20 iyulgacha o‘tsa, sizlar 10 iyulgacha o‘tib bo‘lishingiz kerak, deb. Chunki ulardan 4ta ko‘nikma bo‘yicha (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) imtihon o‘tkazishimiz kerak.
Ularni tashkillashtirish va baholash mezoni hamda formati qanday bo‘ladi degan savol bor. Hukumatning 73-sonli qarori bilan formati belgilangan, shu format doirasida B1 darajadagi savollar bo‘ladi. U testlar DTM veb-saytida turibdi. U yerda namunaviy savollarni ishlab ko‘rsa bo‘ladi. Shuningdek, veb-saytimizda onlayn imtihon topshirib ko‘rish mumkin.









