19:58 / 13.07.2022
77736

So‘m banknotlardagi ketma-ket nollar: Odamlar chalg‘imasligi uchun nima qilish kerak?

Bugun Markaziy bank yangi, 200 ming so‘m qiymatdagi kupyura muomalaga kiritilishini va yangi pulning suratlarini e’lon qildi. Ushbu maqolada yangi dizayndagi pullarimiz bilan bog‘liq noqulayliklar haqida gap ketadi.

Foto: KUN.UZ

Oldingi seriyadagi pullar – 200, 500, 1 000, 5 000, 10 000, 50 000 va 100 000 so‘mlik pullarimizning o‘lchamlari bir xil edi — 144×78 mm.

2021 yilning iyunidan boshlab Buyuk ipak yo‘li mavzusida chop etilgan so‘mning yangi banknotlari esa o‘zining zamonaviy dizayni bilan ajralib turibdi. Garchi uning dizayni ham sohadan xabardor mutaxassislarda savollar uyg‘otayotgan bo‘lsa ham.

Kupyuralarning balandligi bir xil — 69 mm bo‘lsa-da, nominal qiymati oshishiga qarab ularning eniga uzunligi 5 millimetrga oshib boradi: 2 000 va 5 000 so‘mlikning eni — 142 mm, 10 000, 20 000 va 50 000 so‘mlikning eni — 147 mm, 100 000 so‘mlikning (va katta ehtimolki 200 000 so‘mlikning ham) eni 152 mm. Pulning o‘lchami ixchamlashgan, kattaroq nominaldagi summalarning o‘lchami uzunroq bo‘lgani ham bir qulaylik.

Pullarning o‘lchami ixchamlashgani bilan, baribir muomalada ayrim noqulayliklar borligini fuqarolarimiz ijtimoiy tarmoqlarda yozmoqda.

Xususan, 10 ming so‘m va 20 ming so‘mlik banknotalarning o‘lchami va rangi o‘xshashligi. Bir bog‘lam (pachka) 20 ming so‘mlik ichiga 10 ming so‘mlik solib yuborilsa — qorong‘ida, masalan mol bozorlarida sanashda ajratib bo‘lmaydi.

Yangi 200 ming so‘mlik banknota dizaynida ham yana ular kabi ko‘k rangdan foydalangan.

Ikkinchi noqulaylik, banknotda qiymatni ifodalashda nollarning ketma-ket yozilishi: 100000, 200000 tarzida. Natijada 20 ming so‘mlik va 200 ming so‘mlikni ajratishda noqulaylik vujudga keladi. Boz ustiga, pullarimiz lotin alifbosida chiqarilmoqda. Aholimizning kiril alifbosida savodi chiqqan yoshi katta qismida kichik shriftda yozilgan pulning nominalini o‘qish va ajratishda qiyinchilik vujudga keladi.

Ha, pullarimizning nollari tobora ko‘paymoqda. Bundan fojia yasamaslik kerak, bunaqa pullarga ega yagona davlat emasmiz. Qolaversa, 1994 yilning 1 iyulida so‘m muomalaga kiritilganidan buyon denominatsiya qilingani yo‘q.

Biroq, banknotada mingni ifodalovchi nollarni ifodalashda boshqa davlatlar qanday yo‘l tutganiga e’tibor qaratib, ularning tajribasidan ham foydalanish lozim.

Nollarni ajratishning uchta yo‘li bor:

1) 10000, 20000, 50000, 100000, 200000 ming so‘mlik banknotalarda minglik sanoqni bildiruvchi uchta nolni ajratish: 10 000, 20 000, 50 000, 100 000, 200 000 tarzida (O‘zimizda 1993 yilda so‘m-kupon muomalaga chiqarilganda shu usuldan foydalanilgan).

O‘zbekistonning 1993-1994 yillarda muomalada bo‘lgan 10 ming so‘m-kuponi

Italiyaning eski 500 ming lirasi

Belarusning eski 50 ming rubli

Rossiyaning eski 100 ming rubli

Tojikistonning eski 10 ming rubli

Ozarboyjonning eski 10 ming manati

Isroilning eski 10 ming sheqali

Iroqning 50 ming dinori

Meksikaning 1992 yilgi pul islohotidan so‘ng 100 mingdan 100 pesoga aylangan puli

2) Minglik sanoqdagi nollarni vergul yo nuqta bilan ajratish: 10,000, 20,000, 50,000, 100,000 va 200,000 yoki 10.000, 20.000, 50.000, 100.000 va 200.000 tarzida.

Livanning 100 ming livri

Vetnamning 500 ming dongi

Argentinaning eski 500 ming pesosi

3) Pulning mingliklarni bildiruvchi nollarini boshqa xiraroq rangda, kichikroq shriftda yoki MING so‘zi bilan ifodalab yozish. Bu milliy valutasini denominatsiyaga tayyorlayotgan davlatlarda kuzatiladi.

Eronning amaldagi 1 million riyol puli

Turkiyaning eski 5 va 20 million lirasi 1:1000000 nisbatda denominatsiya qilinganidan so‘ng

2014 yilgi redizayndan so‘ng uchta nol MIL (ming) so‘ziga aylantirilgan Kolumbiyaning 20 ming pesosi

Milliy valutamizni emissiya qiluvchi Markaziy bankimiz yuqorida keltirilgan misollarga e’tibor qaratib, bu noqulaylikni bartaraf etsa yaxshi bo‘lar edi.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Top