19:59 / 16.07.2022
123
Qishloq xo‘jaligi – O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun o‘sish nuqtasidir

Huquqshunoslar Umida Haqnazar va Ilhom Azizov, iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekistonda agrar islohotlarni tahlil qiluvchi maqolani nashr qilishdi. Mutaxassislar materialda yer munosabatlari, yer uchastkalarini ajratishda shaffoflik va davlat buyurtmalarini olish borasida go‘yoki yechim topilmagan masalalarga ishora qilishmoqda. Bunga javoban Innovatsion rivojlanish vazirligining Hududlarni innovatsion rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Fazliddin Mo‘minov qishloq xo‘jaligini isloh qilishda erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi.

Qishloq xo‘jaligi O‘zbekistonda asosiy iqtisodiy tarmoq hisoblanadi. U YaIMning qariyb 27 foizini egallaydi, mamlakatdagi jami aholining 30 foizdan ortig‘ini ish bilan ta’minlaydi, qashshoqlikni kamaytirishga hissa qo‘shadi. Bugungi kunga qadar qishloq xo‘jaligida 20 million gektardan ortiq yer, jumladan, 3,2 million gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarida aholi ehtiyojlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xomashyo yetishtirilmoqda.

2017 yilda klaster tizimining paydo bo‘lishi tufayli qishloq xo‘jaligi yanada rivojlana boshladi. Bu tizim endigina yo‘lga qo‘yilmoqda, zanjirning ayrim bo‘g‘inlarida muammolar mavjud, ammo uni yanada takomillashtirish O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi.

2019 yilda Qishloq xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur Strategiya 2030 yilgacha 1,0 million gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zlashtirish, 535,0 ming gektardan ortiq lalmi, yaylov va boshqa yerlardan samarali foydalanishni ta’minlash; tarmoqda band bo‘lgan har bir kishiga o‘rtacha mehnat unumdorligining 1,7 barobar yoki yiliga 6,5 ming dollargacha o‘sishini ta’minlash; qayta ishlangan tayyor mahsulotlar hajmini 30 foizgacha oshirish; mahsulot eksportini 20 milliard dollargacha oshirishni nazarda tutadi.

2017–2021 yillarda qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti 6,8 foizga o‘sdi. Ushbu davrda ishlab chiqarishning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati taxminan 1,7 foizni tashkil etdi. 2017-2021 yillarda qishloq xo‘jaligining har bir band kishiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymati 7,0 foizga oshib, 2019 yildagi o‘rtacha jahon ko‘rsatkichidan 60 foizga oshdi.

2020-2021 yillarda kvotalar va narxlarni nazorat qilishning bekor qilinishi ekinlarni diversifikatsiya qilish, boshqa ekinlar, meva va sabzavotlar yetishtirishga bosqichma-bosqich o‘tishga yordam bermoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti respublika tashqi daromadining 10 foizdan ortig‘ini tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonda 2019 yil 15 oktyabrdan boshlab un narxini davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatildi. 2020 yil hosilidan boshlab davlatning g‘allaga buyurtmasi 25 foizga qisqartirildi, 2021 yil hosilidan esa davlat tomonidan g‘alla xarid narxlarini belgilash amaliyoti butunlay bekor qilindi. 2020 yil hosilidan paxta xomashyosining xarid narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilindi va paxtani erkin joylashtirish huquqi berildi.

Ilmiy va innovatsion ishlanmalarni joriy etish hisobiga meva-sabzavot, kartoshka, dukkakli va yog‘li o‘simliklar ishlab chiqarish hajmi yiliga 6-8 foizga, go‘sht 16 foizga, sut 13 foizga, tuxum 27 foizga, baliq yetishtirish hajmi 2 marotabaga, asal 30 foizga ortadi. Meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 15 foizga, go‘sht 9 foizdan 15 foizga, sut 14 foizdan 18 foizga yetkaziladi.

Bunday tartibning o‘rnatilishi yer unumdorligi va yerdan foydalanish samaradorligini oshirishga, jumladan, almashlab ekishni ta’minlashga qaratilgan samarali usul va texnologiyalardan foydalanishga xizmat qilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida aholi zichligi bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda – 1 kv.km.ga 51,4 kishi to‘g‘ri keladi. Har gektar sug‘oriladigan yerga respublika aholisining 8 nafari to‘g‘ri keladi. Aholining o‘sish sur’ati sug‘oriladigan yerlar maydonining o‘sish sur’atlaridan ancha yuqori. Shuning uchun so‘nggi 30 yil ichida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘oriladigan yerlar maydoni, ya’ni aholining o‘sishi hisobiga 0,23 gektardan 0,16 gektargacha, qariyb 25 foizga kamaydi. Osiyo taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, keyingi 30 yil ichida sug‘oriladigan maydonlar yana 20-25 foizga qisqaradi.

Demak, yerdan ilmiy asoslangan holda foydalanish, unumdorligini har tomonlama oshirish va saqlash ishiga qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi davlat siyosatining ustuvor masalasi sifatida qarash lozim.

O‘zbekistonda yer xususiy mulkka aylanmoqda. Yer maydoniga bunday mulk huquqining kiritilishi mulkdorni, unumdorlikni oshirishga qaratilgan uzoq muddatli investitsiyalarni kiritishga undaydi. Yer egasi yerdan uzoq muddatli samarali foydalanishni rejalashtirishi mumkin.

Agar davlatga yer uchastkasi kerak bo‘lsa, uni xususiy sektordan bozor narxida, shartnoma asosida sotib olishi mumkin. Davlat kelishilgan narxda yer sotib olsagina, davlatga o‘tishi mumkin. Yer kodeksida yer davlat mulki, u umumxalq mulki deb belgilanmagan.

Ushbu tartiblar O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 29 iyundagi “Davlat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini kompensatsiya to‘lash sharti bilan olib qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi O‘RQ-781-son Qonuni bilan belgilangan.

Respublika agrosanoat majmuining bugungi holatini tahlil qilganlar “ekin maydonlarining 70 foizdan ortig‘ini paxta va g‘alla uchun ajratish mutlaq davom etmoqda. Boshqacha aytganda, majburiy davlat buyurtmasi instituti amalda saqlanib qoldi va bu soha samarasizligi va bundan keyin islohotlarni amalga oshirish mumkin emasligining asosiy sababidir” derkanlar, maqola mualliflari oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligini boshqarish va uning yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis emasga o‘xshaydi. Bir misol: 2021 yilda 3148,3 ming gektar ekin maydonlarining 2070,7 ming gektari (65 foizi) texnik ekinlar – boshoqli don va paxta uchun ajratilgan. O‘tgan 2020 yilda 2967,5 ming gektar ekin maydonlarining 71 foizi yoki 2096,8 gektari shu texnik ekinlarga ajratilgan edi. Birgina 2018 yilning o‘zida 99 ming 371 gektar past hosildor paxta maydonlariga sabzavot, kartoshka, soya, sabzavot, yem-xashak ekinlari, uzumzorlar va boshqalar ekildi.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, texnik ekinlar maydonlari yildan yilga kamayib bormoqda, meva-sabzavot ekinlari maydonlari mahsulotlarni diversifikatsiya qilish bilan bir vaqtda ko‘paymoqda. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda davlat siyosatini majburiy saqlashni anglatmaydi.

Yana bir misol. Barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda ekinlarni joylashtirish davlat ahamiyatiga ega siyosat hisoblanadi. Masalan, deyarli butun Yevropani oziq-ovqat bilan ta’minlovchi Niderlandiyada ekinlarni joylashtirish manzilli dehqonchilik tamoyili asosida amalga oshiriladi. Mamlakat qishloq xo‘jaligining asosiy afzalliklaridan biri bilimlar, texnologiyalarni joriy etish bo‘lib, fermerlar, sanoat kompaniyalari, ilmiy muassasalar va davlat o‘rtasidagi hamkorlikka asoslangan.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqdaki, uning natijalari sohaning barqaror o‘sishini ta’minlash, resurslar samaradorligini oshirishga katta hissa qo‘shdi. Kelgusida bu respublika qishloq xo‘jaligi salohiyatini kengaytirishga yordam beradi va rejalashtirilganidek, O‘zbekistonni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha jahon yetakchilari bilan yaqinlashtiradi.

Top