11:50 / 22.07.2022
11527

Magistraturaga qabulda soxta sertifikatlar yuklangani ma’lum bo‘ldi

Magistraturaga qabulda soxta sertifikatlar yuklanmoqda. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida 2022/2023-o‘quv yili uchun qabulni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Vazir yangi o‘quv yilida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni shaffof o‘tkazish bo‘yicha 46 ta oliy ta’lim muassasasi tayyorgarlik holatiga e’tibor qaratib, o‘tgan o‘quv yilidagi kamchiliklarni takrorlamaslik uchun har bir oliy ta’lim muassasasi rahbari mas’uliyat bilan yondashishi zarurligini ta’kidladi.

Ajratilgan bino va auditoriyalar sifatli videoyozuv jihozlari bilan ta’minlangani, jamoatchilik nazorati kuchaytirilgani, imtihon natijalari o‘z vaqtida rasmiy manbalar orqali e’lon qilinishiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Imtihon jarayonlarini kuzatish uchun kelgan ota-onalar va komissiya a’zolariga zarur sharoit yaratish borasidagi tashkiliy masalalar ham o‘rin egalladi.

Kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi masala magistraturaga qabulni tashkil etish bo‘ldi. Kelib tushgan 4332 ta arizaning 1282 tasi talab darajasida emasligi, ayrim holatlarda soxta sertifikatlar ham yuklanayotgani aytildi. 

Magistraturaga qabul tugashiga oz muddat qolganiga qaramay, aksariyat OTM tomonidan bakalavriat bosqichi bitiruvchilari diplomlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish yakunlamagani tanqid qilindi. Bu magistraturaga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar asosli noroziliklarini keltirib chiqarayotgani qayd etildi.

Mas’ullarga barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda qisqa vaqt ichida bitiruvchilar diplomlarini rasmiylashtirishni yakuniga yetkazish va qat’iy nazorat olish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Ikkinchi oliy ta’limga hujjatlar qabul qilishning borishi, tartibi bilan bog‘liq ma’lumotlarni rasmiy saytlarda e’lon qilishdagi sustkashliklar ham tanqid ostiga olindi. Ikkinchi oliy ta’limga qabulni amalga oshiradigan barcha OTM rektorlariga yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni aniq va batafsil e’lon qilish borasida ko‘rsatma berildi.

Yana bir muhim masala – texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida o‘qishga qabul qilish haqida so‘z yuritildi. OTM rektorlariga ushbu jarayonni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan vazifalar topshirildi.

Bildirilishicha, so‘nggi kunlarda talabalar va ular ota-onalariga yetarlicha tushuntirish ishlari olib borilmagani sababli talabalar tomonidan belgilangan tartiblarni tushunmasdan hujjat topshirishga urinish holatlari kuzatilmoqda. OTM rektorlariga ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.

Top