22:04 / 22.07.2022
12476
Qarshidagi kanalda aniqlangan vabo bakteriyasi: U vabo qo‘zg‘ata olmasligi va bu holat yangilik emasligi aytildi

Qarshi tumanidagi ochiq suv havzasida aniqlangan vabo vibrioni vabo kasalligini keltirib chiqarmaydi, deya ma’lum qildi San-epid xizmatining Qashqadaryo boshqarmasi. Bu ma’lumotni respublika SES ham Kun.uz'ga tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, janubiy viloyatlarda vabo bakteriyalari deyarli har yili aniqlanadi; ular vabo qo‘zg‘ata olmasa-da, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.

Illyustrativ foto: Kun.uz

Qarshi tumani hududidagi ochiq suv havzasidan olingan suv namunasida vabo vibrionining vaboni keltirib chiqarmaydigan turi aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya xizmatining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumot bo‘yicha bergan izohida ma’lum qildi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, 5 iyun kuni Respublika o‘lat profilaktikasi markazining viloyat filiali xodimlari tomonidan Qarshi magistral kanalining Qarshi tumanidan, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali ro‘parasidagi ochiq suv havzasidan tekshirish uchun olingan suv namunasidan vabo vibrioni (kasallik chaqirmaydigan turi) aniqlangan.

Natijada shu hududda vaboga qarshi profilaktik choralar ko‘rish bo‘yicha “O‘zbekiston mustaqilligi” oilaviy poliklinikasi mudirasiga bildirish xati yuborilgan.

Tuman SES mazkur hudud atrofida yashovchi aholi orasida o‘tkir oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibotni kuchaytirish, poliklinikaga o‘tkir diareya tashxisi bilan murojaat qilganlarni vaboga tekshirish yuzasidan topshiriq bergan.

Qayd etilishicha, tekshirishlar natijasida bu hududda vaboga gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan.

Yuqorida qayd etilgan ochiq suv havzasidan 19 iyul kuni qayta namunalar olingan, bu safargi tekshiruvda vabo vibrionlari qayd etilmagan.

“Mazkur hududda aholi o‘rtasida epidemiologik barqarorlik ta’minlanganligi va xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi Qashqadaryo viloyati San-epid xizmati axborotida.

“Janubiy viloyatlarda vabo bakteriyalari deyarli har yili aniqlanadi”

Kun.uz muxbiri holat yuzasidan qo‘shimcha izoh so‘rab Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshqarma boshlig‘i Rustam Ikromov bilan bog‘landi.

Uning ma’lum qilishicha, kanal suvidagi bu bakteriyalar turli darajadagi o‘tkir ichak yuqumli kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

“Respublikamizning janubiy hududlarida bunday bakteriyalar deyarli har yili aniqlanadi, ammo ularning miqdori vabo kasalligini keltirib chiqaradigan darajada emas. Faqat o‘tkir ichak kasalliklari, diareya keltirib chiqarishi mumkin.

Shuning oldini olish maqsadida hamma viloyatlar va poytaxtda ham barcha ehtiyot choralari ko‘rilgan. Aholining bu galgi xavotiriga qo‘shni Afg‘onistondagi holat sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda ularga hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilamiz”, – dedi San-epid xizmati mulozimi.

Mazkur holat yuzasidan “O‘zsuvta’minot” AJ ham munosabat bildirib, ichimlik suvi tarmoqlari, ya’ni jo‘mrakdagi suvni bemalol ichish mumkinligi, ichimlik suvi sifati doimiy nazorat qilinishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, respublikadagi 79 ta laboratoriya har oyda turli tahlillar uchun ichimlik suvi tarmoqlaridan o‘rtacha 17 200 ta namuna olib tekshirib turadi. Ichimlik suvi aholiga yetkazib berishdan oldin suv xlorli reagentlar bilan zararsizlantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, San-epid xizmati Afg‘onistonda vabo tarqalishi munosabati bilan o‘tgan haftadan boshlab qo‘shni davlatlardan kelayotganlar bo‘yicha nazoratni kuchaytirgan edi.

Top