07:38 / 23.07.2022
4186

Oziq-ovqat mahsulotlarini sotish bo‘yicha 1000 dan ortiq qoidabuzarlik holati aniqlandi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining hududiy tuzilmalari tomonidan respublikadagi to‘qqiz mingga yaqin do‘kon, kioska, laryok va pavilonlar kabi boshqa savdo obektlarida o‘rganish ishlari olib borildi. 

Foto: Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi

1033 ta, ya’ni 12 foiz holatda chakana savdo qoidalari talablari buzilgan. Shundan 764 ta holatda oziq-ovqat mahsulotlarini quyosh tagida saqlash faktlari aniqlangan.  Aslida oziq-ovqat tovarlarini vitrinada quyosh nurlari va yog‘ingarchiliklarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siriga uchraydigan holatda saqlashga va joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, maxsus jihozlanmagan 50 ta savdo shoxobchalarining rastalarida go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari sotilayotgani ma’lum bo‘ldi. Savdo qoidalariga asosan, go‘sht-sut, baliq, qandolatchilik mahsulotlari (biskvit tortlar va boshqalar), yarim tayyor mahsulotlar, tayyor masalliqlar va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni sotishga faqat sovitiladigan peshtaxtalar, vitrinalar bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi. 

45 ta holatda esa tuxum mahsulotlarini saqlash me’yorlariga amal qilinmagan, ular yuqori haroratda, quyosh tig‘ida sotilayotgani ko‘zga tashlangan.  Savdo do‘konlari peshtaxtalarida 58 ta holatda yuvish vositalari, non, un va boshqa un mahsulotlari  yonma-yon joylashtirilgan, 3 ta holatda muzlatkichlar yetishmasligi, 10 ta holatda vaznlab sotiladigan mahsulotlar ochiq holatda rastalarda sotuvga qo‘yilgan. 

Tartib-qoidaga asosan yangi rezavor mevalar usti yengil gazlama (masalan, doka va hokazolar) bilan yopilishi kerak. 103 ta holatda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tartibsiz joylashtirilgani aniqlangan.

Top