12:39 / 24.07.2022
47704

Frontdagi vaziyat. Donbassda Rossiyaning yurishi deyarli to‘xtab qoldi, Xerson ham boy berilishi mumkin

Urushning 150-kuniga kelib Rossiya armiyasi uchun Ukrainadagi vaziyat ko‘ngildagidek deb atash qiyin.

Foto: Sergey Bobilev / TASS

«Meduza» internetda e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar (tomonlarning bayonotlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolar) asosida so‘nggi kunlarda Ukrainadagi harbiy harakatlar ko‘lamini aks ettiruvchi o‘zgarishlarni jamladi.

  • Severodonetsk va Lisichansk egallangach, iyul oyi boshidan rossiyaliklarning Donbassdagi yurishlari to‘xtab qoldi. Ukraina qo‘shinlari Lisichanskda qurshovga tushib qolishdan qutulib qoldi va Seversk — Soledar — Baxmut bo‘ylab yangi front chizig‘i tashkil etildi. Aftidan, Rossiya qo‘mondonligi rejalariga bu liniyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilish kiritilmagan. Ehtimol, yurishlar sur’atiga Ukraina armiyasining front ortidagi o‘q-dori omborlariga raketa zarbalari yo‘llagani ta’sir ko‘rsatgan - bunday hujumlar oqibatida Rossiya qo‘shinlarining ta’minoti izdan chiqqan. Nima bo‘lmasin, Donbassda «operativ pauza» bir necha haftadan buyon davom etmoqda.
  • Xarkivdan shimolda ham rossiyaliklarning qarshi hujumlari to‘xtab qolgan. Bu yo‘nalishda shunchaki operativ maqsad qo‘yilmagan: shaharni qurshovga olish, ayniqsa uni shturm bilan egallash uchun yetarli kuch yo‘q.
  • Slovyansk hududida ham ilgarilash kuzatilmayapti, bu hududdagi o‘rmonzorlarda rossiyalik harbiylar bahordan buyon turib qolishgan. Holbuki, keyingi yirik yurish shu yerdan boshlanishi kutilayotgandi. 
  • Agar Ukraina sharqida vaziyat shunchaki «barqarorlashgan» bo‘lsa, Xerson hududida Rossiya armiyasi uchun to‘laqonli operativ inqiroz alomatlari yuzaga kelmoqda. May va iyun oylari mobaynida ochiq dasht hududi bo‘ylab yurishlar amalga oshirish uchun urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragach (bu urinishlar Rossiya artilleriyasi tomonidan to‘xtatildi), ukrain qo‘mondonligi strategiyani o‘zgartirdi. Rossiya armiyasining asosiy kamchiligi logistika bo‘lib qolayotgani tufayli, AQShdan uzoq masofaga otuvchi HIMARS baravar o‘t ochish tizimlarini qabul qilib olgan ukrain harbiylari rossiyaliklarning kommunikatsiya tizimlarini o‘qqa tuta boshladi.
  • Bunday hisob-kitob tushunarli: ukrain armiyasining barcha muvaffaqiyatlariga yalpi hujumga o‘tish harakatlari orqali emas, balki rossiyalik harbiylarni ta’minotdan uzib qo‘yish orqali erishilgan. 150 kunlik urush tarixi shuni ko‘rsatadiki, Rossiya qo‘mondonligi ta’minotda inqiroz yuzaga kelgan taqdirda qo‘shinlarni olib ketishni afzal ko‘radi (va bu «ezgu niyat qadami» deb ataladi). Mart oyi oxirida rossiyalik harbiylar Kiyev, Chernihiv va Sumi oblastlaridan ketganida ham shunday bo‘lgandi; iyun oyi oxirida Ilon orolidagi garnizon evakuatsiya qilinganda ham shunday bo‘ldi.
  • Rossiyaliklarning Dnepr daryosining o‘ng sohilida, Xerson va Mikolyiv oblastlaridagi barcha kommunikatsiya tizimlari armiya fevral oyi oxiri va mart oyi boshlarida egallab olgan bir necha ko‘priklarga tayanadi. Bu ko‘priklar orqali qo‘shinlarning yirik guruhlari oziq-ovqat va o‘q-dori bilan ta’minlanadi (bir necha o‘n ming kishi va yuzlab artilleriya tizimlaridan iborat guruhlar).
  • Rossiya armiyasi Dnepr orqali o‘tgan uchta yirik ko‘prikni nazorat qilmoqda — Xerson hududida Antonov ko‘prigi; daryoning yuqoriroq qismida o‘tgan temiryo‘l ko‘prigi; Antonov ko‘prigidan 50 km shimolda, Nova Kaxovka hududidagi Kaxovka GES dambasi. Nova Kaxovka orqali o‘tgan ta’minot karvonlari Xersonga yetib kelishi uchun, yuk mashinalari yana bir suv to‘sig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi — Ingulets daryosi (daryo orqali ko‘prik Darevka qishlog‘i hududidan o‘tgan). So‘nggi kunlarda ukrain armiyasi bu ko‘priklarning barchasiga (temiryo‘l ko‘prigidan tashqari) zarbalar yo‘llamoqda.

  • Zarbalar HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali berilmoqda, katta ehtimol bilan, stvolli artilleriya uchun mo‘ljallangan 155 mm kalibrli boshqariluvchi snaryadlar qo‘llanmoqda. Raketa va snaryadlar zaryadi quvvati ko‘priklarni bir zarba bilan vayron qilish uchun yetarli emasligi aniq, ammo ularning nishonga aniq kelib tushishi istalgan vaqtda yuk mashinalari harakatini to‘xtatib qo‘yish imkonini beradi: ikki bor yo‘llangan zarbalardan keyin Antonov ko‘prigi yuk mashinalari harakati uchun yopildi.

  • Shu bilan birgalikda, ukrain armiyasi front chizig‘i bo‘ylab ham rossiyaliklarga bosim uyushtirishda davom etmoqda: Mikolayiv (Velikoye Artakovo) va Krivoroj (Visokopole) yo‘nalishlarida. Bu Rossiya armiyasini o‘q-dorilarni sarflashga majbur qilmoqda, bu vaqtda esa ularni Dnepr orqali yetkazib berish qiyinlashgan.
  • Yuzaga kelayotgan logistik inqirozdan chiqishning oson yo‘li ko‘rinmayapti: ko‘priklarni tuzatish, ponton kechuvlar o‘rnatish mumkin, ammo yuqori aniqlikda va uzoq masofaga otuvchi qurollarga ega bo‘lgan ukrain armiyasi ularni yakson etishda davom etishi tabiiy. Ko‘priklarni ta’mirlash ham oson ish emas.
  • Harbiy nuqtayi nazardan, hozirgi vaziyatda Dneprning o‘ng sohilida Rossiya harbiy guruhlarini ushlab turishdan mantiq yo‘q: Mikolayiv, Krivoy Rog va ayniqsa Odessaga hujum qilish kuchlar yetarli emasligi tufayli imkonsiz ish, qo‘shinlarni daryoning chap sohiliga qaytarish katta resurslarni tejaydi. Ammo siyosiy nuqtayi nazardan bunday qaror Kreml uchun og‘ir oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin: hozircha rossiyaliklar urush boshidan buyon egallab olgan yagona oblast markazi bo‘lib qolayotgan Xersonni tashlab ketishga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘mondonligi logistika bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotganiga qaramay, Dneprning o‘ng sohilida platsdarm tutib turishga harakat qiladi.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top