07:49 / 29.07.2022
8760

Virusolog JSST qachon pandemiya tugaganini e’lon qilishi mumkinligini aytdi

Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazining bosh ilmiy xodimi Anatoliy Alshteyn Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) qachon COVID-19 pandemiyasi tugaganini e’lon qilishi mumkinligini aytdi.

Foto: Sean Gallup / Getty Images

Uning so‘zlariga ko‘ra, JSST bir necha oy ichida COVID pandemiyasining tugaganini e’lon qilishi mumkin.

«Pandemiya davom etmoqda va hali ancha uzoq davom etadi, ammo men Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiya tugaganini e’lon qilishi mumkinligini istisno qilmayman, lekin yaqinda emas, menimcha, bu yana bir necha oy davom etadi», dedi ekspert. 

Avvalroq JSST 18 iyuldan 24 iyulgacha COVID-19 bilan kasallanish Yevropa, Amerika va Afrikada mos ravishda 24, 12 va 44 foizga kamaygani, boshqa hududlarda esa oshgani haqida xabar bergan edi. Tinch okeanining g‘arbiy qismida istiqomat qiluvchilar ko‘proq kasallanishni boshladi (52 foizga).  

O‘tgan hafta davomida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish darajasi unchalik o‘zgarmadi, bemorlarning o‘lim darajasi bir xil darajada saqlanib qoldi.

Oxirgi haftada dunyo bo‘ylab jami 6,6 milliondan ortiq yangi COVID-19 holatlari aniqlandi. Umuman olganda, pandemiya davrida dunyoda 567 milliondan ortiq COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olish va 6,3 milliondan ortiq o‘lim holatlari qayd etildi.

Top