Jahon | 18:05 / 15.10.2025
7438
2 daqiqa o‘qiladi

JSST bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgan xavfli yo‘tal siroplari haqida ogohlantirdi

Hindistonning Sresan Pharmaceutical, Rednex Pharmaceuticals va Shape Pharma kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif, Respifresh TR va ReLife kabi preparatlarning ba’zi partiyalari xavfli ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda aniqlangan xavfli suyuq dori vositalari haqida ogohlantirdi.

Hindistonning dori standartlarini nazorat qilish bo‘yicha markaziy tashkiloti JSSTga kamida uchta suyuq dori vositasida dietilenglikol (texnik spirt) mavjudligini ma’lum qildi. Ularni qabul qilish oqibatida kamida 17 bola halok bo‘lgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sresan Pharmaceutical, Rednex Pharmaceuticals va Shape Pharma tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif, Respifresh TR va ReLife kabi preparatlarning ba’zi partiyalari xavf tug‘diradi.

Hindiston davlat organlari ushbu dori vositalarini ishlab chiqarishni zudlik bilan to‘xtatish to‘g‘risida buyruq bergan va ularga berilgan ruxsatnomalarni qaytarib olgan.

Hindiston kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish komissiyasi JSSTga yuqoridagi dorilarning hech biri mamlakatdan eksport qilinmagani va hozir noqonuniy eksport haqida ma’lumot yo‘qligini ma’lum qildi. Shunga qaramay, JSST ushbu sifatsiz mahsulotlar ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar va mintaqalarda ta’minot zanjirlarini nazorat qilish va tekshirishni kuchaytirishni tavsiya qiladi. Shuningdek, bozor ustidan nazoratni kuchaytirish tavsiya etiladi.

Milliy tartibga soluvchi organlar, sog‘liqni saqlash organlari va huquqni muhofaza qilish organlariga ushbu mahsulotlar o‘z mamlakatida aniqlangan taqdirda darhol JSSTni xabardor qilish tavsiya etiladi.

Oktabr oyi boshida Hindistonda politsiya Madxya-Pradesh shtatida 17 nafar besh yoshgacha bo‘lgan bolalar vafot etganidan so‘ng Coldrif yo‘tal siropi ishlab chiqaruvchi Sresan Pharmaceutical farmatsevtika kompaniyasi egasini hibsga oldi.

2022-2023 yillarda O‘zbekistonda Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining yo‘talga qarshi «Dok-1 Maks» siropini qabul qilgandan so‘ng, 68 nafar bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan edi.

Mavzuga oid