13:37 / 02.08.2022
12350
XTV: Maktab ma’muriyati o‘quvchilarni yagona forma kiyishga targ‘ib qilishi mumkin

Ayrim maktablarda ma’muriyat ota-onalarni farzandlari uchun tasdiqlangan dizayndagi maktab formalarini sotib olishga undamoqda. XTV matbuot kotibi Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, maktablar tomonidan yagona forma targ‘ib qilinishi mumkin, lekin bu o‘quvchini maktabga kirgizmaslikka sabab bo‘la olmaydi.

Yagona maktab formasining majburiy joriy etish kechiktirilganiga qaramay, ayrim maktablarda mas’ullar o‘quvchilarni sotib olishga undamoqda.

Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri Mirobod tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi Telegram'dagi guruhda maktab uchun o‘quvchilarga forma olish majburiy ekanini yozgan.

Holat yuzasidan Kun.uz'ga izoh bergan xalq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamovaning aytishicha, maktab ma’muriyati va o‘qituvchilar yagona maktab formasini targ‘ib qilishi mumkin. Biroq o‘quvchi tasdiqlangan namunadagi yagona formani kiymagan taqdirda, uni maktabga kirgizmaslikka hech kimning haqqi yo‘q.

“Xalq ta’limi vaziri bayonotining mazmuni bilan yana bir bor tanishib chiqqan holda, 2022/23 o‘quv yilida maktab o‘quvchilarining ta’lim muassasalariga maktab formasida kelishlari tartibi bekor bo‘lmaganini, aksincha, ko‘p sonli aholining taklif va iltimoslariga ko‘ra, maktab formasini to‘liq joriy etish 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratishingiz so‘raladi.

Shu o‘rinda maktab jamoasi o‘quvchilarning maktab ustavida belgilangan kiyinish talablariga, xususan ichki tartib va odob-ahloq qoidalariga rioya etish ko‘nikmalarini mustahkamlash, ijtimoiy tenglikni ta’minlash maqsadida o‘quvchilarning maktab formasida kelishlari talabi bekor bo‘lmagani inobatga olishingizni, amaliyotga to‘liq joriy etish bosqichma-bosqich olib borilayotganini, o‘quvchilarning maktab formasida kelishlari maktab rahbariyati nazoratida va bu haqda ota-onalarga tegishli tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilishi mumkin”, – dedi Laylo Rustamova.

Eslatib o‘tamiz, maktablarda yagona formani joriy etish 2024/25 o‘quv yiligacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi aytilgan, biroq bu bosqichlar qanday bo‘lishi haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

Top