13:14 / 05.08.2022
1957
O‘zbekistonda AKT rivoji ishsizlik qisqarishiga kuchli ta’sir qilmayotgani sababi aytildi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari internet va mobil aloqa rivojlanishi ishsizlik darajasiga qanday ta’sir etayotganini hisoblab chiqdi.

Foto: Shutterstock

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, quyidagilar aniqlandi:

  • optik tolali internet uzunligi 100 kilometrga oshishi ishsizlik 0,04 foiz punktga qisqarishida yordam beradi;
  • internet foydalanuvchilari soni 1 foiz punktga ortishi ishsizlikni 0,02 foiz punktga kamaytiradi;
  • 100 ta yangi uyali aloqa baza stansiyasi qurilishi ishsizlik darajasini 0,05 foiz punktga kamaytirish imkonini beradi.

Bildirilishicha, ishsizlik ijtimoiy tengsizlik muammosini yanada kuchaytiradi. O‘sib borayotgan ishsizlik darajasi Argentina, Yevropa ittifoqi, Indoneziya, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada tengsizlikning kuchayishiga sabab bo‘ldi.

AKT, yuqori tezlikdagi internet va mobil aloqa rivojlanishi qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish uchun yangi imkoniyatlarni ochayotgani aytiladi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga ko‘ra, mobil telefon ilovalari kichik va o‘rtacha kattalikdagi korxonalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

AKT bo‘yicha katta bilim va tajribasi bor odamlar ko‘proq imkoniyatga ega hamda shuning uchun ishsiz qolish ehtimoli kamroq. AKT ko‘nikmalari ishsizlar maosh miqdori o‘rtacha va yuqori bo‘lgan raqamli kasblarga o‘tishida yordam beradi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda AKTning rivojlanishi ishsizlik qisqarishiga kuchli ta’sir qilmasligini asosan ikki omil bilan izohlash mumkin:

  • yuqori tezlikdagi internet asosan yirik shaharlarda mavjud va olis aholi punktlarini butunlay qamrab olmaydi;
  • raqamli makonda pul ishlash imkonini beruvchi kompyuter texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalar yetarli darajada emas.
Top