20:27 / 08.08.2022
13153
Imtihon hayajoni va hayotning burilish nuqtasi – vazirlar abituriyentlarga nima deydi?

Oliy ta’lim vaziri abituriyentlik paytida imtihon topshirish uchun Toshkentga kelolmagani sabab Termizda o‘qigan. “Kursdoshim 93 ball bilan budjet, men 177 ball bilan kontraktda o‘qirdim, bu adolatcizlikka chidab bo‘lmaydi”, deydi u. Adliya vaziri esa tayyorgarlikka birov xalal bermasligi uchun kun bilan tunni almashtirib dars qilganini eslaydi.

8 avgustdan O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari boshlandi. Milliondan ortiq yoshlar uchun muhim palla munosabati bilan Kun.uz bir necha hukumat a’zolarining oliygohga o‘qishga kirish xotiralari va abituriyentlarga tilaklarini taqdim etadi.

“Toshkentga kelishga imkoniyatim bo‘lmagani uchun, Termizga o‘qishga topshirishga majbur bo‘lganman”

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov:

— Men 50-60 yil avvalni emas, o‘zimning abituriyentlik davrimni aytmoqchiman: 1993 yil ilk marta test joriy qilinganda, test qanday bo‘lishini tushuntirib beradigan odam bo‘lmagan. Testga kirganmiz, nima qilishni bilmaymiz. Hujjat topshirishning o‘zida juda katta mashaqqat va adolatsizlik bo‘lardi. Termizning issig‘i 45 gradus, bir hafta hech bir sharoit yo‘q – hujjat topshirish uchun navbatda turganman. Toshkentdagi OTMlarga o‘qishga topshirish uchun olib keladigan odam bo‘lmagan – otam yoshlari o‘tib, bemor holda yotoqda edilar, hozirgidek transport infratuzilmasi bo‘lmagan.

Shu tariqa TerDUga hujjat topshirganman. Kimning tanishi bo‘lsa, kontrakt hujjatisiz hujjat topshirardi, bizga o‘xshab borib qolganlarga kontrakt “blankang” bo‘lmasa, hujjatingni olmaymiz, degan shart bo‘lardi.

O‘qishga kirgandan keyin 93 ball bilan kursdoshim budjet, men 177 ball bilan kontraktda o‘qirdim, bu adolatcizlikka chidab bo‘lmaydi. Hozir ijtimoiy tarmoqlar, faollarga rahmat – kichik adolatsizliklar barham berilishiga sabab bo‘lyapsizlar. Bir yil o‘qib budjetga o‘tganmiz, bunday imkoniyat ham bor edi.

Bilimi juda kuchli sinfdoshim Toshkentga o‘qishga topshirib, 5 marta qaytib ketgan, kira olmagan. Yaqinda shu sinfdoshimni ko‘rib hol-ahvol so‘rasam, maktabda qorovul bo‘lib ishlayotgan ekan. Jamiyat, davlat o‘sha payt shunday iqtidoridan ayrildi. Shunday qobiliyatli bolaning iste’dodi qishloqda qolib ketdi. Balki u mendan baxtlidir, ijtimoiy tarmoqlardagi negativlarga termilmas (hazil), tog‘da tinch yashayotgandir, lekin davlat bu iste’doddan ayrildi.

“Tun va kunni almashtirib imtihonga tayyorlanganmiz”

Ruslanbek Davletov, adliya vaziri:

— Abituriyent so‘zini eshitganimda hozir ham hayajon keladi. O‘sha paytdagi hislarimni eslatadi. Bu tabiiy narsa deb o‘ylayman. O‘qishga kirish ham insonning hayotidagi katta voqea – menda ham bu istisno bo‘lmagan. Hamma oddiy inson, bir sohada kuchli bo‘lsa, boshqa sohada kamchiligi bo‘ladi. Bu yil mening ham farzandim abituriyent – oilamizda hayajonli kunlar kechyapti. Abituriyentlar hayajonni o‘ylamasdan, o‘ziga ishonishi kerak.

Buyuk Britaniyada imtihonlarni topshirish juda qiyin bo‘lardi. 40 kun hech qayerga bormasdan tayyorgarlik ko‘rardik. Hattoki kun bilan tunni almashtirib dars qilishga to‘g‘ri kelardi, hech kim xalaqit qilmasligi uchun. Mana, hammasi o‘tib ketdi. Bugungi abituriyentlarimiz bizdan aqlliroq, kuchliroq. Axborot makoni rivojlangan, ularning dunyoqarashi keng, psixologik tayyorgarligi ham yaxshi – dalda, motivatsiya beruvchi manbalar juda ko‘p. Hammasi yaxshi bo‘ladi, asosiysi, hayajonlanmaslik.

“Abituriyentlarga xorijiy tillarni o‘rganishni maslahat beraman: til eshiklarni ochadi”

Alisher Sa’dullayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori:

— Imtihon ham aslida har doimgidek oddiy kun. To‘g‘ri, imtihon arafasida va shu kuni abituriyent-yoshlarda biroz hayajon yoki qandaydir bosim bo‘lishi mumkin, ammo bu ko‘pincha zararga ishlaydi. Imtihonga oddiy kundek qarash kerak, bor bilimlarni esa shu kuni ishga solish kerak. Bilimli inson har qanday imtihonlardan o‘ta oladi.

Abituriyentlarga o‘qishga kirganlaridan so‘ng xorijiy tillarni o‘rganishni tavsiya qilaman. Til bilish bugun zamon talabiga aylanib ulgurdi. Xorijiy tillarni bilgan insonga dunyo eshiklari ham ochiladi. Bundan tashqari, eng yaxshi kitoblarni, manbalarni bemalol o‘qish va tushunish uchun ham bu eng muhim omil. Inson qancha ko‘p kitob o‘qisa, qancha ko‘p izlansa va harakat qilsa, sohasining eng kuchlisi bo‘lib boraveradi.

Bu borada yigit-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun 2021 yil 1 maydan boshlab IELs, TOEFL, GMAT, GRE, SAT kabi 5 ta; 2022 yil 1 yanvardan esa arab, xitoy, fransuz, rus, ispan, koreys, yapon, italyan, turk va nemis tillari bo‘yicha 13 ta xalqaro imtihon tizimlarida (jami 18 ta xalqaro imtihon tizimlarida) yuqori natijaga erishgan yoshlarning imtihon xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

“Jamiyat oliy ta’limda katta adolatsizliklarni ko‘rdi, bugun o‘zimizni oqlashimiz qiyin bo‘lyapti”

Abduqodir Toshqulov:

— 2016 yilda OTMlar soni 77ta bo‘lgan bo‘lsa, hozir 177ta. 5 yilda 100ta qo‘shildi. Muhimi, hozir to‘g‘ri ishlayapmiz, nima bo‘lsa o‘zimiz barpo qilyapmiz. Bu yilgi qabul bilan qamrov 40 foizdan oshadi.

Ilgari hamma imtihon bir kunda bo‘lar, millionlab abituriyent bir kunda imtihon topshirardi. Testda olomon kayfiyatini paydo qilib, bir kunda o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishgan. Hozir bunday imkoniyat yo‘q, imtihonlar 12 kunda topshirilyapti. Hujjat topshirish uchun Toshkentga kelish shart emas – men kela olmaganman Toshkentga. DTM ruxsatnoma degan narsani olish qancha muammo edi, u ham raqamlashtirildi.

Oliy ta’limda jamiyatning ko‘z o‘ngida adolatsizlar ko‘p bo‘ldi, bugun o‘zimizni oqlashimiz qiyin bo‘lyapti. Bugun men shu tizimni muvofiqlashtiruvchi rahbarlardan biri sifatida kafolat beramanki, raqamlashmagan soha qolmayapti, demak o‘rtacha bilimi bo‘lgan abituriyent o‘qishga kira olmay qolmaydi. Hozir hamma sharoit bor – faqat o‘qish kerak. Biroq shunga qaramay, o‘qiyotgan abituriyentlar ko‘p deb hisoblamayman. Umumiy ballarni ko‘rsangiz, aksar abituriyent maksimal ballning yarmini ham ololmayapti. Shuning uchun avvalo men o‘qigan, farzandining oliy ma’lumotli bo‘lishiga astoydil bel bog‘lagan oilalar farzandlariga oliy ta’lim vaziri sifatida omad tilayman. Yuzlari yorug‘ bo‘lsin. Hozirgi imkoniyat uchun o‘rta avlod vakillari qanday qiynalganimizni aytishimiz kerak. Tezkorlik oshgan, hamma narsa raqamlashgan, faqat o‘qish kerak. O‘qiganlar, tayyorgarlik ko‘rganlarga omad tilayman.

“Hayajonni yengish uchun o‘qish, o‘ziga ishonch kuchli bo‘lishi kerak”

Ruslanbek Davletov:

— Men juda ko‘p muzokaralarda, xalqaro tashkilotlar, delegatsiyalari bilan og‘ir masalalarda xalqaro tribunalarda kuchli va buyuk odamlarni ko‘rganman. Lekin hamma ham oddiy odam. Hammada hayajon bo‘ladi. Katta tajribaga ega san’atkorlar har safar sahnaga chiqqanida hayajon bo‘lishini aytishadi. Menda masalaning ichiga kira olmaganimda hayajon bo‘ladi. Mavzuni yaxshi tushunib, o‘rganib, o‘zimga baland ishonch bilan so‘zga chiqqanimda hech qachon hayajon bo‘lmagan.

O‘ylaymanki, odam sohasini yaxshi bilsa, unga hech narsa hatto hayajon ham g‘ov bo‘lmaydi. O‘qigan bo‘lsangiz, hayajon va qo‘rquv bo‘lmaydi. Shuning uchun yaxshi o‘qish kerak.

“Maqsadga erishishning maqbul yo‘li – mehnat va harakat”

Sherzod Qudbiyev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi:

— Inson ulg‘ayib borar ekan, uning orzu-maqsadlari ham o‘sib boradi. Maqsadlar sari tashlangan qadamlar esa kishilarni chinakam baxt sari yetaklaydi.

O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan minglab yoshlar qalbida hayajon bilan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirishni boshladi.

Hurmatli abituriyentlar, yangi O‘zbekiston me’mori va tashabbuskori – prezidentimizning sizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlaridan unumli foydalanib, “Uchinchi Renessans”ni qurishda yuksak kasbiy mahorat, kuchli iroda sohibi, o‘rni kelganda mardlik va fidoyilik hamda halollik kabi xislatlarni namoyon qila oladigan, tanlagan kasbingizning mohir egasi bo‘lishingizga ishonaman.

Aziz yoshlar, oldingizga qo‘ygan maqsadingizga erishishning eng maqbul yo‘li bilim, mas’uliyat, mehnat va harakat ekanini doimo yodda saqlang.

Katta hayot debochasida turgan Siz, aziz yoshlarga faqat omad va chinakam baxtingizga erishishingizni tilayman.

Madina Ochilova tayyorladi.

Top