16:46 / 10.08.2022
3853

Jizzaxdagi maxsus poligonda qariyb 3,5 mln tonna chiqindi yig‘ilib qolgan

Joriy yil 8 avgust kuni Senat Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov rahbarligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatida bajarilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Foto: Senat.uz

Ishchi guruh vakillari maishiy chiqindilar saralash stansiyada tashkil qilingan ishlar bilan tanishdi. Qayd etilishicha, poligonga Jizzax shahri va uchta tumandan kuniga 400 tonnadan ziyod chiqindi olib kelinadi. 

Senator so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda poligonda qariyb 3,5 mln tonna chiqindi yig‘ilib qolgan. Poligonda chiqindilarni joylashtirish va sanitar talablarga rioya etish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Ishchi guruh vakillari zaharli kimyoviy vositalar chiqindilari ombori mas’ullari bilan uchrashdi. Suhbatda zaharli kimyoviy moddalar inson sog‘lig‘i va atrof-muhitga zararli ta’sirini bartaraf etish, joylardagi zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar ko‘milgan hamda saqlanayotgan maxsus obektlar xavfsiz holatda saqlanishini ta’minlash bo‘yicha ishlar yetarli darajada amalga oshirilmagani qayd etib o‘tildi.

Dastlabki o‘rganishlar yakunida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid
Top