O‘zbekiston | 14:37
770
2 daqiqa o‘qiladi

6 viloyatda chiqindini termik qayta ishlash orqali elektr olish zavodlari barpo etilmoqda

2025 yilda respublikada sanitar tozalash xizmati qamrovi kengaytirildi, “Toza Makon” elektron billing tizimi ishga tushirildi hamda chiqindilarni qayta ishlash va energiya olishga qaratilgan bir qator loyihalar boshlandi. Yil davomida 15,1 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan.

Foto: Chiqindilarni boshqarish agentligi

Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 2025 yil davomida amalga oshirgan ishlar sarhisobini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, respublikada mavjud 9 452 ta mahallada yashovchi 37,5 mln nafar aholining mahalla kesimida 8 105 tasi, aholi kesimida esa 23,9 mln nafari sanitar xizmat bilan qamrab olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakunida 15,1 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan. Aholi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 1 trln 304 mlrd so‘m to‘lov qoplangan. Shu bilan birga, ko‘rsatilgan xizmatlardan aholining debitor qarzdorligi 622,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, haqiqatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 211,9 mlrd so‘m noreal debitor qarzdorliklar elektron tizimdan chiqarilgani ma’lum qilindi. “Toza Makon” yagona elektron billing tizimi esa uzluksiz ishga tushirilgan.

Infratuzilmani kengaytirish doirasida 6 ta hududda ekosanoat zonalari, 11 ta hududda jami 14 ta qayta yuklash punktlari tashkil etilayotgani qayd etildi.

Agentlik ma’lum qilishicha, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali elektr energiyasi oluvchi zavodlar barpo etilmoqda. Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarida esa tibbiyot chiqindilarini yoqish hisobiga issiqlik energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Texnika va nazorat choralari doirasida sanitar tozalash korxonalariga 79 ta chiqindi tashish texnikasi va 220 ta konteyner topshirilgan. Shuningdek, 3 230 ta maxsus chiqindi tashish texnikasiga GPS qurilmasi o‘rnatilgan.

Ma’lum qilinishicha, 113 ta sanitar tozalash korxonasi faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari baholab borilgan, jismoniy va yuridik shaxslarning sohaga doir 21 300 ta murojaati o‘rganilgan.

Jami 100 gektar maydonga yaqin 23 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni faoliyati to‘xtatilgani qayd etildi.

Mavzuga oid