10:00 / 31.08.2022
7703
Tashvishlardan e’tirof sari: «SULTON TEX GROUP» rahbari qiyinchiliklarni qanday yenggani haqida

«SULTON TEX GROUP» xususiy korxonasi ikki yil avval mediamakonda mashhur bo‘ldi: Qashqadaryo viloyatining paxtachilikka asoslangan yetakchi klasterlaridan biriga aylangan korxona oldida turli to‘sqinliklar paydo bo‘ldi.

Alaloqibat, «SULTON TEX GROUP»ga paxta yetishtirish ajratilgan 15 ming gektar yer qaytarib olindi, Qarshi tumani fermerlariga korxona bilan shartnoma imzolash esa o‘shandayoq taqiqlangan edi. 

Shuncha to‘siqlar va qiyinchiliklarga qaramasdan, ip yigiruv, to‘qimachilik va trikotaj-tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga yetishish yo‘lida sobitqadam bo‘ldi.

O‘tgan qisqa davr ichida korxonada ishlab chiqarish hajmi oshirilgan, korxona ancha kengaytirilgan va Qashqadaryoning eksport salohiyatiga hissa qo‘shishda davom etmoqda.

Korxona ahlining fidokorona mehnatlari besamar ketmadi. Korxona rahbari Nurbek Ergashev tadbirkorlar kunida prezident farmoniga ko‘ra «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Taqdirlash jarayonidan surat. Foto: Prezident matbuot xizmati

Biz korxonaga yetib borganimizda, mehnat jamoasi boshliqlarini bayramona kutib olgani ustidan chiqdik. Shu kuni bayram bo‘ldi. Ishchi-xodimlarga ziyofat dasturxoni ham yozildi.

Nurbek Ergashev biz bilan suhbatda yuksak mukofotga loyiq ko‘rilgani, bildirilgan ishonch uchun davlat rahbariga, Qashqadaryo viloyati mutasaddilariga o‘z tashakkurini izhor etdi.

Nurbek Ergashev

Shundan so‘ng Nurbek Ergashev o‘zi rahbarlik qilayotgan korxonani aylantirdi, amalga oshirilgan va kelgusida rejalashtirilayotgan ishlar xususida hikoya qilib berdi. 

Korxonada o‘zlari 74 gektar dalada yetishtirayotgan, Kasbi tumani fermerlaridan va birjadan xarid qilayotgan paxtani tozalab, undan ip yigirmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil mart oyida korxonada yangi ip yigiruv sexi ishga tushirilgan. Zamonaviy ip yigiruv sexi ishlab chiqarayotgan mahsulotlar to‘liq xorijga eksport qilinadi.

Mato to‘qish sexida korxonaning o‘zi yigirgan iplarda toza mato to‘qilmoqda. Buyurtmaga qarab bu yerda 100 foiz paxtadan yoki sintetik tola aralashtirilgan holda trikotaj matolar ham to‘qilar ekan.

Tozalangan paxtaning chigitlaridan shu yerda rafinadlangan «Oq yog‘» brendi ostida toza paxta yog‘i tayyorlanmoqda. Shunisi qiziqki, shu sexda toza asal ham qadoqlanar ekan. Korxonaning o‘z asalarichilik xo‘jaligi ham bor ekan. 10 ming asalari qutisidan olingan asallar qadoqlanib, mahalliy bozorga tortiq qilinmoqda. Sof asallarni xorijga eksport qilish bo‘yicha muzokaralar ham olib borilmoqda ekan.

Ikki mavsumdan beri ishlatilayotgan paxtani qayta ishlash sexida Hindistonda ishlab chiqarilgan uskunalar o‘rnatilgan. Ular o‘zining energiya samaradorligi va kam inson kuchi talab etishi bilan farqlanib turadi. 

Qayd etib o‘tish joizki, korxonada ishlovchi xodimlar vaxta usulida 3 smenada ishlashadi. Ularni korxona avtobuslari ishxonaga va uyga tashib qo‘yadi. Buning uchun 12 ta avtobus safarbar qilingan.

Ishchi xodimlar maroqli hordiq chiqarishi uchun mo‘’jaz bog‘ barpo etilgan. Ochiq maydonda hali stadion, sog‘lomlashtirish yo‘laklari qilish rejalashtirilmoqda.

«SULTON TEX GROUP»ning Qarshi shahri markazida joylashgan tikuvchilik fabrikasida ham bo‘ldik. Bu yerdagi mahsulotlarning 99 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Tikuvchilik sexi ishchi-xodimlari ham yuksak davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgan rahbarlarini qarsaklar bilan kutib olishdi.

Tikuvchilik sexida tikilayotgan sifatli kiyim-kechak mahsulotlarini asosan Rossiya, Ukraina va Turkiya kabi davlatlar xarid qilishadi. 

Korxona o‘zining 74 gektar va fermerlarning hozir 3300 dan ziyod gektar maydonida yetishtirilayotgan hosilni qayta ishlamoqda. Albatta, bu kam. Korxona 20 ming gektarda yetishtiriladigan hosilni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Shunga yarasha texnikalari bor va ularning katta qismi korxona mashina-traktor parkida ishlatilmasdan turibdi.

Eng muhimi — «SULTON TEX GROUP» Turkiya bilan qo‘shma korxona tuzib, tuproqning tarkibini aniqlab beruvchi, urug‘chilik bo‘yicha biolaboratoriya faoliyatini boshlagan. Bu laboratoriyada dehqonlarga yerga kerakli miqdorda mineral o‘g‘itlar berish bo‘yicha tavsiyalar beriladi. Dehqonlar yerning sho‘rlik darajasini aniqlash, uning unumdorligini oshirish, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymasdan ekin yetishtirish bo‘yicha aniq xulosaga ega bo‘lishadi.

Korxona qoshida qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashuvchi biolaboratoriya ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Garchi ushbu mavsumda 5 ming gektar dala maydonlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma qilingan bo‘lsa-da, laboratoriya bemalol 20 ming gektar paxta maydoni uchun biomahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Yuqorida aytilganidek, «SULTON TEX GROUP» ko‘p tarmoqli korxona. Korxona qoshida parhez non mahsulotlari ham ishlab chiqarish sexi bor. Non mahsulotlari korxonaning shaharning turli chetlarida joylashgan sexlari oshxonasiga yetkazilibgina qolmasdan, aholi iste’moli uchun ham sotuvga chiqarilar ekan.

Undan tashqari, eshik tayyorlash sexi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi dizaynda, buyurtmaga ko‘ra sifatli eshiklar yasalib, savdoga chiqarilmoqda. 

Urug‘larni saralash markazida esa chigit, g‘alla, beda urug‘i, makkajo‘xori, loviya, mosh kabi dukkakli mahsulotlar kalibrovka qilib saralanar va dorilanar ekan.

Korxonaning o‘z chorvachilik xo‘jaligi ham bor. Unda korxona oshxonalari ehtiyoji uchun go‘sht yetishtiriladi. Qoramollar uchun somon va bedadan yem-xashak zaxira qilingan. 

Korxona bo‘ylab sayohatimiz nihoyasida 74 gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bo‘yicha paxta yetishtirilayotgan dalasida ham bo‘ldik. Bu yerdagi g‘o‘zalar bo‘liq bo‘lib, allaqachon paxtalar ochilgan. Sentyabr oyining 10-sanasidan terimga kirishiladi. Korxona gektaridan 50 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallab turibdi.

Nurbek Ergashev kibrdan xoli, har bir ishchisi-dehqonini shaxsan taniydigan rahbar ekan. Uning bosh maqsadi — korxona ishchilar va mehnatkashlar uchun barqaror ish joyi bo‘lishi, korxona ulkan bir oilaga aylanib, barchaning dasturxoni obod, ro‘zg‘ori but bo‘lishiga erishish, korxonada «ustoz-shogird» an’anasi rivojlanishiga erishish ekan. 

Biz guvohi bo‘ldik, zamonaviy dastgohlarni boshqarayotgan, laboratoriyalarda mehnat qilayotganlarning barchasi yoshlar. Korxonada yoshlar uchun imkoniyat yaratilgan, ularning bilim oshirishi va ishlashi uchun sharoit hozirlangan — demakki, «SULTON TEX GROUP»ni hali yorqin kelajak kutib turibdi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov. 

 
Top