18:44 / 05.09.2022
4465

«Agrolizing» AJ yangi loyihalarni ishga tushirishda umuman ishlamayotgani tanqid qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev raisligida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektorda «Agrolizing» aksiyadorlik jamiyati umuman ishlamayotgani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda qish-bahor oylarida bozorlarda meva-sabzavotlar narxi barqaror bo‘lishi uchun saqlash va tashish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish zarurligi ta’kidlandi. Bu masalalar bo‘yicha loyihalar bo‘lsa, ularga barcha sharoitlar yaratib berilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, bugungi kunda chetdan qishloq xo‘jaligiga jalb qilingan 140 million dollar uzoq muddatli mablag‘lar banklarda haligacha o‘zlashtirilmagan. Yana 330 million dollar tayyor kredit liniyalari yil boshidan beri harakatsiz turibdi.

«Na banklar, na lizing kompaniyalari rahbarlari, na hokimlar bu mablag‘larni tadbirkorlarga berish bo‘yicha jon kuydirmayapti», — dedi prezident. Viloyat hokimlariga bir oy muddatda ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish bo‘yicha o‘zining loyihalarini taqdim etish topshirildi.

Yangi loyihalarni ishga tushirishda «Agrolizing» aksiyadorlik jamiyati umuman ishlamayotgani tanqid qilindi, uning faoliyatini to‘liq transformatsiya qilib, dehqon va fermerlarga moliyaviy ko‘makchi bo‘ladigan tizimga aylantirish topshirildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga:

  • kelgusi bir yilda hududlarda mahsulotni saqlash bo‘yicha 200 ming tonna quvvatlarni ishga tushirish;
  • 100 million dollar hisobidan intensiv bog‘lar va sabzavotchilik, saqlash omborlari, qadoqlash va qayta ishlash loyihalarini boshlab, tadbirkorlarga lizingga berishni yo‘lga qo‘yish;
  • barcha viloyatlarda issiqxona egalariga yengilliklar berish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish;
  • agrar sohada moliyalashtirish, kredit, lizing va sug‘urta tizimini to‘liq yangilash bo‘yicha qaror loyihasini taqdimot qilish topshirildi.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha har yili 300 ming tonna kartoshka, 6 ming tonna dukkakli, 11 ming tonna moyli ekinlar urug‘ini tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Bu borada kartoshka bo‘yicha Samarqandda yaxshi tajriba boshlangan. Mutasaddilarga bu tajribani xususiy sektor bilan birga dukkakli va moyli ekinlar urug‘chiligida ham yo‘lga qo‘yish, bunga 26 million dollar yo‘naltirish topshirildi.

Viloyat hokimlari oldiga kelgusi 2 yilda urug‘ importini 3 baravar qisqartirish vazifasi qo‘yildi. Har bir viloyatda kamida bittadan intensiv sabzavot ko‘chatchilik xo‘jaliklarini ishga tushirish topshirildi.

Bundan buyon hosildor yerlarning barchasini intensivga o‘tkazish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddi idoralarga intensiv qishloq xo‘jaligiga o‘tishni rag‘batlantirish va ta’sirchan soliq mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, kiritishga topshiriq berildi.

Top