22:46 / 07.09.2022
12016

Nega XTV darsliklar ijarasini bepul qilishni avvalroq taklif qilmagan? Vazir o‘rinbosari izohi

Muammoning yechimi bor ekan, vazirlik masala prezidentgacha yetib bormasidan oldin o‘z tashabbusi bilan uni hal etishga nega urinmagan? Temur Komilovning tushuntirishicha, bu – davlat budjetining qonun bilan tasdiqlanishi va vazirliklarning shu budjet intizomiga rioya qilishi bilan bog‘liq.

Maktab darsliklari ijarasi narxi 2-3 barobarga oshgach, odamlar noroziligidan keyin ijara to‘liq budjetga o‘tkazildi. Xo‘sh, buning imkoni bor ekan, nega bu masala prezident darajasiga ko‘tarilmasidan oldinroq Xalq ta’limi vazirligi shunday tashabbus bilan chiqmagan?

6 sentabr kungi matbuot anjumanida jurnalist bergan bu savolga xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov javob berdi. U davlat xarajatlari “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilanishini ta’kidladi.

“Bu yerda moliyaviy muvofiqlik, moliyaviy siyosat nuqtayi nazaridan, har bir xarajat va daromadlar oldindan rejalashtirilib, balanslashgan.

Xalq ta’limi vazirligida o‘z vakolati doirasida bir so‘m pulni bu yoqqa yoki u yoqqa yo‘naltiraman deydigan narsa yo‘q. Agar bunaqa tartibsizlik, bunaqa vakolat bo‘lsa, budjet intizomi buzilib ketadi. Nafaqat XTV, balki umuman barcha vazirlik idorada budjet intizomi yo‘qoladi.

Bu – prezident o‘z irodasi bilan xalqqa, vazirlikning o‘ziga ham bergan katta yengilligi bo‘ldi.

Vazirlik budjet intizomi, moliyaviy qonunchilik nuqtayi nazaridan bir so‘m pulni ham o‘zining xohishi bilan – bu xalqning puli hammasi – bunga emas, bunga yo‘naltiramiz deydigan emas. Qolaversa, qonun bilan tasdiqlangan budjetda ham kitob jamg‘armasi uchun ijara tushumlaridan kelib chiqadigan mablag‘lar ko‘zda tutilganini ham aytib o‘tmqochiman”, – dedi Komilov.

Top