13:36 / 26.09.2022
25063

Irkutskda harbiy komissariatda o‘t ochildi. Harbiy komissar jonlantirish bo‘limida

Irkutsk oblastining Ust-Ilimsk shahrida harbiy komissariatga chaqirilganlardan biri o‘t ochdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, chaqiruv komissiyasi rahbari og‘ir yaralangan. Bu Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishi ortidan ro‘y bermoqda.

Irkutsk oblastining Ust-Ilimsk shahrida harbiy komissariatda 25 yoshli erkak o‘qotar quroldan o‘q uzib, harbiy komissarni yaraladi. Hodisa videosi telegram-kanallarda tarqalgan: unda kichik zal sahnasida turgan kishi kafedra burchagida turgan odamni o‘qqa tutgani, keyin u yiqilgani va yig‘ilganlar qochishga tushgani aks etgan 

Region rahbari Igor Kobzevning ma’lum qilishicha, rayon harbiy komissari Aleksandr Yeliseyev shifoxonaga olib borilgan, u ayni vaqtda og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Hodisadan ko‘p o‘tmay harbiy komissar vafot etgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo bu ma’lumot tasdig‘ini topmadi. Mash ma’lumotiga ko‘ra, uning tanasidan oltita o‘q chiqarib olingan. Kobzev «xavfsizlik choralarini kuchaytirishga topshiriq bergani» va u «bunday holat odamlar birlashishi zarur bo‘lgan vaqtda ro‘y berganidan uyatda ekani»ni aytgan.

O‘t ochgan shaxs qo‘lga olindi — bu mahalliy aholi vakili bo‘lgan 25 yoshli yigit. U qo‘lga olinganidan keyin Baza tomonidan tarqatilgan videoda u o‘z ismi-sharifini aytadi — Ruslan Zinin.

Baza manbasi yozishicha, u safarbar qilinganlar safida bo‘lgan; aytishlaricha, o‘t ochishdan oldin u shunday degan: «Hozir barchamiz uyga qaytamiz. Hech kim urushga bormaydi». Buni RBK bilan gaplashgan guvohlardan biri ham tasdiqlagan:

«Bugun soat taxminan 11:40 da harbiy komissariatga bordim, hujjatlarni topshirdim. Birinchi soatda harbiy komissar majlislar zaliga kirib, mamlakatdagi vaziyat haqida, davlatning topshirig‘ini bajarayotgani va shunga o‘xshash narsalar haqida gapira boshladi. Keyin qurolli yigit otilib chiqdi va unga yaqinlashib, «Hozir barchamiz uyga ketamiz» dedi va harbiy komissarga qarata o‘q uzdi. Men polga yotdim. Ikkinchi o‘q uzilganidan keyin men qochdim. Hozir Tergov qo‘mitasidaman», degan u.

Ruslan Zininning onasi Astra bilan suhbatda aytishicha, chaqiruv qog‘ozi unga emas, uning armiyada xizmat qilmagan eng yaqin do‘stiga kelgan, shu tufayli u «juda g‘azablangan». Nashrning yozishicha, tongda Ruslan buvisiga ko‘ngilli sifatida harbiy komissariatga ketayotganini aytgan.

Tergov qo‘mitasi harbiy xizmatchining hayotiga tajovuz qilish (RF JKning 317-moddasi) va noqonuniy qurol olib yurish (RF JKning 222-moddasi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘agan.

Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach, harbiy komissariat binolariga o‘t qo‘yish holatlarining yangi to‘lqini boshlandi. 21 sentabrdan buyon kamida 11 ta shunday urinish qayd etilgan; bir qancha ma’muriy binolar hujumga uchragan. Harbiy komissariat binolariga o‘t qo‘yilishi bilan bog‘liq holatlar Ukrainaga bosqin boshlanishi bilan boshlangandi, ammo bu ahyon-ahyonda ro‘y berib turardi: yarim yil davomida jami 20 holat ro‘y bergan.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Top