10:32 / 26.09.2022
5227

Toshkentdagi bozor yonida chet el valutasini noqonuniy muomalaga kiritishning oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Mahkama xabariga ko‘ra, unda Yashnobod tumanida “Aviasozlar” bozori atrofida valuta qimmatliklari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan Sh.A. fuqaro D.ga 6 400 AQSh dollarini 70,9 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Samarqand shahar bo‘limi tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Mironshoh ko‘chasida xorijiy valuta mablag‘larini ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan F.Yu. fuqaro G‘.ga 3 300 AQSh dollarini 36,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan jami 3 940 AQSh dollari, 37,5 mln so‘m va 3 000 Rossiya rubli ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xuddi shunday, Andijon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, markaziy dehqon bozori atrofida valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar Q.Sh. va Q.N. fuqaro G.ga jami 200 ming Rossiya rublini 36,4 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, surishtiruv shaklidagi tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top