16:03 / 05.10.2022
5501

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti daniyalik va amerikalik olimlarga berildi

Kimyo bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofoti «klik kimyosi va bioortogonal kimyoni rivojlantirish» uchun bir guruh olimlarga berildi.

Kimyo bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofoti amerikalik Karolin Bertotssi va Barri Sharpless, shuningdek, daniyalik Morten Meldalga molekulalarni yaratish vositalari ustida ishlagani uchun berildi. Mukofot ularga «Klik kimyosi va bioortogonal kimyo usullarini ishlab chiqqanligi uchun» topshirilgan. Nobel qo‘mitasi o‘z qarorini 5 oktyabr, chorshanba kuni e’lon qildi. Bu Sharpless uchun ikkinchi Nobel mukofotidir

«Kimyogarlarni uzoq vaqtdan beri murakkabroq molekulalarni yaratish istagi boshqaryapti. Bu ko‘plab ajoyib molekulyar konstruksiyalarga olib keldi, lekin ularni ishlab chiqarish ko‘p vaqt talab qiladi va juda qimmatga tushadi. Kimyo bo‘yicha bu yilgi mukofot narsalarni oddiy, sodda saqlash va ular bilan ishlashga qaratilgan», - deya ma’lum qildi kimyo bo‘yicha Nobel qo‘mitasi raisi Yoxan Okvist. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi laureatlar «molekulalarni yaratishning funksional usuli»ga hissa qo‘shgan. Tadqiqotchilar ishlayotgan reaksiyalar «butun dunyoda hujayralarni o‘rganish va biologik jarayonlarni kuzatish uchun ishlatiladi». «Bioortogonal javoblardan foydalanib, tadqiqotchilar hozirda klinik sinovlar o‘tkazilayotgan saraton dori-darmonlarining maqsadli yo‘nalishini yaxshiladilar», deb xabar berdi Nobel qo‘mitasi. 

1901 yildan beri kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti 114 marta, 190 kishiga berilgan. O‘tgan yili nemis Benyamin List va Britaniyada tug‘ilgan amerikalik olim Devid Devid assimetrik organokatalizni ishlab chiqqani uchun mukofotlangan edi. 

Bir kun oldin fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlarining nomlari e’lon qilindi, ular amerikalik Jon Klauzer, fransuz Alen Aspekt va avstriyalik Anton Tsaylinger bo‘ldi. Mukofot «chalkash fotonlar bilan tajribalar, Bell tengsizliklari buzilishi aniqlangani va kvant informatikasidagi novatorlik uchun» berildi. 

«Nobel haftaligi»ning birinchi kuni - 3 oktyabrda tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti topshirildi. Mukofot shved biologi Svaante Paboga yo‘q bo‘lib ketgan gominin genomlari va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlari uchun berildi. 

6 oktabr kuni adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, 7 oktabr kuni Tinchlik mukofoti sovrindori, 10 oktabr kuni esa Shvetsiya Davlat bankining iqtisod fanlari bo‘yicha Alfred Nobel xotira mukofoti sovrindori nomi e’lon qilinadi. 

Top