11:20 / 07.10.2022
12124

Turkistonbank va Hi-tech bank'ning litsenziyasi bekor qilindi

Markaziy bankning tegishli qarori bilan Turkistonbank va Hi-tech bank'dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar olib qo‘yildi. Shuningdek, banklarni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlandi.  

Foto: Turkistonbank

Markaziy bank boshqaruvining 2022 yil 7 oktyabrdagi yig‘ilishida Turkistonbank va Hi-tech bank'ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarini bekor qilish haqida qaror qabul qilindi.

Ikkala bank tomonidan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54- va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilgan va litsenziyasi olib qo‘yilishiga quyidagi sabablar keltirilgan:

  • bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxira mavjud emasligi;
  • regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rgani;
  • bank xizmatlari iste’molchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani;
  • buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilgani;
  • bank faoliyatidagi qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi Markaziy bank ko‘rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmagani;
  • jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanganidan keyin xuddi shunday qoidabuzarlik takroran sodir etilgani sababli “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi ushbu qarorni qabul qilgan.

Qayd etilishicha, Turkistonbank aktivlar hajmi bo‘yicha respublika bank tizimida 26-o‘rinni, Hi-tech bank esa 29-o‘rinni egallagan.

Markaziy bank boshqaruvining yuqorida keltirilgan qaroriga asosan ikkala bankni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlangan va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga asosan bank ishlarini boshqarish bo‘yicha, shu jumladan, bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va boshqaruvi vakolatlari ushbu komissiyaga o‘tgan.

«O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq kafolatlangani munosabati bilan Turkistonbank omonatchilarining barcha mablag‘lari, birinchi navbatda, 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi. Aholiga omonat mablag‘larini qaytarish Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan ushbu qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi», deyiladi Markaziy bank xabarida.  

Top