15:10 / 08.10.2022
6071
Vaqf – rivojlanish uchun iqtisodiy kuch. O‘zbekiston undan qanday foydalanyapti? 

Islom ijtimoiy moliyasi institutlaridan biri bo‘lgan vaqfning jamiyat barqarorligini ta’minlashda, boyliklarni adolatli taqsimlashda muhim o‘rni bor. Ammo uning qonunchilik asoslari yaratilmasa, boshqaruv samarasiz bo‘lsa – rivojlanmaydi.  

Islom ijtimoiy moliyasi institutlaridan biri bo‘lgan vaqfning jamiyat barqarorligini ta’minlashda, boyliklarni adolatli taqsimlashda muhim o‘rni bor. Ammo uning qonunchilik asoslari yaratilmasa, boshqaruv samarasiz bo‘lsa – rivojlanmaydi.

Vaqf asrlar davomida Islom olamida o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati bilan aholining turmush darajasini yaxshilash, yordamga muhtoj qatlamini himoya qilish hamda zaruriy infratuzilmalarni yaratishda muhim o‘rin egallab kelgan. Vaqf insonlar o‘rtasida boyliklarni adolatli taqsimlaydigan, jamg‘arma va investitsiyalarning o‘zaro hamkorlikdagi uyg‘unlashgan harakatini inson manfaati uchun safarbar qiladigan adolatli mexanizmidir.

Vaqf – ijtimoiy moliya tizimi 

Shariatda vaqf bu – o‘z boyligining bir qismini naqd pul yoki naqd bo‘lmagan (mulkiy vosita kabilar) holatda Alloh yo‘lida ixtiyoriy, doimiylikka, qaytarib bo‘lmaydigan qilib bag‘ishlashdir. Yana ta’kidlanadiki, u vaqf bo‘lgandan keyin hech qachon hadya qilinmaydi, meros qilib olinmaydi, sotilmaydi va vaqfning asosi buzilmagan holda qoladi. U Allohniki, undan keladigan manfaatlar (foydalar) insonlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilash uchun safarbar qilinadi. Mulkini Alloh yo‘lida vaqf (sadaqai joriya) qilgan inson bu dunyo va oxiratda uning savobidan, yaxshiligidan barhamand bo‘lib turadi.

Iqtisodiy nuqtai nazardan vaqf – vaqf mulklaridan aholi ehtiyoji uchun foydalanish va uni eng samarali, foydali halol investitsiyalarga yo‘naltirgan holda olinadigan daromadlarni aholi farovonligini ta’minlashga ishlatishdan iborat. Vaqf – jamiyatni o‘sish va farovonlikka olib boradigan iqtisodiy kuchga ega bo‘lgan ijtimoiy moliya tizimi hisoblanadi

“Endowment” – vaqfdan nusxa olingan ta’lim fondi

“Endowment” deb nomlanadigan G‘arbning fondlari vaqfdan andoza olgan bo‘lib, ushbu fondlar ta’limni qo‘llab-quvvatlash va dunyo bo‘ylab iqtidorlarni jalb qilish bo‘yicha ishlashadi va milliardlab mablag‘ga ega.

AQShdagi ba’zi universitetlarning “Endowment” (vaqf) fondlari tomonidan moliyalashtirilishi hajmi quyidagicha:

  • Harvard University (MA) – 53,200,000,000 dollar;
  • Yale University (CT) – 42,300,000,000 dollar;
  • Stanford University (CA) – 37,800,000,000 dollar;
  • Princeton University (NJ) – 37,000,000,000 dollar;
  • Massachusets Institute of Technology – 27,400,000,000 dollar;
  • University of Pennsylvania – 20,500,000,000 dollar.

Hozirgi kunda vaqfning iqtidorli, shu bilan birga yordamga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha erishilayotgan yutuqlarni Buyuk-Britaniya, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va boshqa davlatlarda ko‘rish mumkin. Bu vaqflar asosan ta’limga xayrixoh shaxslar va xususiy sektor vakillari tomonidan shakllantirilgan.

Talabaga kredit berish – kelajagini xavf ostiga qo‘yish

Har xil imtiyozli va imtiyozsiz ta’lim kreditlarini berish orqali yordamga muhtoj talabalarning kelajagini moliyaviy xavf ostiga qo‘yish mumkin. Shuning uchun, vaqf kabi xayriya fondlarini rivojlantirish, vaqf mulkchiligini joriy etish orqali yanada samarali, barqaror natijalarga erishsa bo‘ladi.  

Dunyo mamlakatlari vaqfdan qanday foydalanyapti? 

Vaqf nafaqat ta’lim, balki jamiyatdagi boshqa ehtiyojlarni ta’minlash orqali davlat budjeti xarajatlarini qisqartirishda muhim o‘rin tutadi. Masalan, Turkiyadagi “Sabanji” korporativ vaqfi 120 ga yaqin institutlar, 80 yaqin ko‘p qavatli aholi turar joy binolari, maktablar, talabalar turar joyi, sog‘liqni saqlash maskanlari, madaniy markazlar, kutubxonalar, sport majmualari va boshqa ko‘plab ijtimoiy tuzilmalarni barpo qilgan. Har yili 1300 nafardan ortiq talabaga ta’lim grantlari beradi.

Hindistondagi oilaviy “Hamdard” (Hamdard National Foundation) vaqf fondi mamlakatdagi eng yirik sog‘liqni saqlash markazlariga ega. Shu bilan birga “Robiya” qizlar maktabi, “Hamdard” xususiy va “Hamdard” umumta’lim maktablarini ochgan. Shu bilan birga, yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.

Malayziyadagi “An-Nur” korporativ vaqf fondi tomonidan 35 ta masjid, yirik savdo markazlari, bir nechta “An-Nur” klinikalari qurilgan, ushbu klinikalarda kambag‘al aholi vakillari nominal 5 ringgit (taxminan 1 dollardan ortiq) evaziga saviyali doktorlar va hamshiralar tomonidan ko‘rsatiladigan muolajalarni(dorilar bilan birga) oladi. Ko‘pchilik kambag‘allar vaqf fondi mablag‘lari hisobidan davolanadi. Ushbu klinikada 2009 yilda 500 mingdan oshiq mijoz davolangan, shundan 28 mingtasi boshqa din vakillari hisoblanadi.

Vaqfning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi o‘rni borasida ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Yillar davomida yo‘qotilgan vaqf mulkchiligi

Vaqf mulkchiligi chor hukumatining bosqiniga qadar mavjud uchta xonlikda muhim ijtimoiy-iqtisodiy o‘rin tutgan: masjidlar obod qilingan, ilm talabida bo‘lganlar qo‘llab-quvvatlangan, yordamga muhtoj aholiga ko‘mak berilgan, hovuzlar va ko‘priklar barpo qilingan. Vaqf uchun yerlar, karvonsaroylar, do‘konlar, hammomlar, tegirmonlar, juvozxonalar va boshqa foyda keltiruvchi ko‘chmas mulklar, naqd pul va kitoblar boylar, amaldorlar va oddiy insonlar tomonidan berilgan.

Ammo sekin-asta, yillar davomida vaqf mulkchiligi yo‘qolib borgan va oxir oqibat batamom yo‘q bo‘lgan.

“Vaqf” bor, lekin uning huquqiy asosi yo‘q

Vaqfning mavjud imkoniyatlardan va uning ijtimoiy-iqtisodiy samarasidan jamiyat farovonligi uchun foydalanish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Prezidentning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan “Vaqf” fondi tashkil etildi. Ushbu farmonga asosan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilib, unga tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yurtimizdagi muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarning musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirish, bu maskanlarga mahalliy va xorijiy fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish hamda masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash belgilab berildi.

Fond tasarrufida 189 ta ziyoratgoh bo‘lib, ularni qayta ta’mirlash, obodonlashtirish, ziyoratchilarga sharoitlar yaratish hamda boshqa harajatlar uchun 2018 yilda 1,5 mlrd so‘m, 2019 yilning yanvar-may oylarida 6,5 mlrd so‘m sarflangan.

Albatta, bu amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi tahsinga sazavor, chunki yillar davomida bu narsalarga jiddiy e’tibor berilmadi. Ammo shu o‘rinda bir nechta savol tug‘iladi: “Vaqf” fondi bularni nimaning hisobidan moliyalashtiradi? Masjidlardan tushgan hayriya mablag‘lari hisobigami? Bu mablag‘lar yana o‘sha masjid va madrasalarning yoki boshqa ziyoratgohlarning ehtiyojlari uchun sarflanadimi? Mablag‘lar yetarli bo‘lmaganda budjetdan mablag‘ ajratiladimi?

Bu kabi moliyaviy ehtiyojlarni ta’minlash uchun vaqfning aynan o‘z imkoniyatlaridan to‘la-to‘kis foydalanishi muhim. Buning uchun esa respublikada vaqf qonunchiligini joriy qilish orqali uning huquqiy asoslarini yaratish zarur.

Qonunchilikda aks etish zaruriyati

Bugungi kunda “Vaqf” xayriya fondi jamotchilik tashkiloti bo‘lgani uchun uning faoliyati “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risidagi” hamda “Jamoat fondlari to‘g‘risidagi” qonunlar bilan tartibga solinmoqda.

Xalqaro tajribada esa vaqfni shakllantirish, tartibga solish va uni boshqarish maxsus vaqf mulkchiligi qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Chunki qonunchilikda vaqf mulkining (ko‘char va ko‘chmas mulklar) shakllanishi, ularni jismoniy va yuridik shaxslardan qabul qilish, tasarruf etish, uni himoya qilish tartiblari mukammal ko‘rsatilgan holda qonunchilikda mustahkamlash zarur.

O‘zbekistonda nafaqat vaqf mulkchiligi bo‘yicha qonun ishlab chiqish, balki aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirish ham zarur. Vaqfning rivojlanishi o‘z navbatida kelgusida ochilishi kutilayotgan islomiy bank darchalarining halol moliyaviy resurslar bilan ta’minlanishida ham muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida 2020 yilda “O‘zbekistonda vaqflarni rivojlantirish to‘g‘risida”gi texnik ko‘mak uchun grant kelishuvi imzolangan bo‘lishiga qaramasdan, bu borada biror ish amalga oshirilayotgani yoki mazkur vazifani bajarish uchun ma’sul vazirlik va idoralar belgilangani haqida ochiq ma’lumotlar mavjud emas.

Mamlakatni rivojlantirish faqat budjet mablag‘lari evaziga emas, balki ko‘ngilli ajratmalarga asoslangan ichki potensialni ishga tushirish, uni rivojlantirish orqali bo‘ladi. Ijtimoiy-iqtisodiy xarajatlarni faqat budjet mablag‘lari orqali – ortiqcha tashvishlarsiz hal qilish doim ham mamlakat istiqboli uchun foydali emas.

Vaqf kabi islomiy ijtimoiy moliya tizimining rivojlanishi budjet xarajatlarini kamaytirish bilan birga aholiga solinadigan soliqlarning bosqichma-bosqich kamayishi uchun ham omil hisoblanadi.

Vaqf mulkchiligining qonuniy asoslari yaratilishi va keng targ‘iboti himmatli, sahiy insonlarimizning o‘z boyliklari va mablag‘larini ikki dunyo saodati uchun yaxshilik yo‘lida safarbar qilishlari uchun zamin yaratadi. Ajab emaski, bugungi kunda ilm talabida bo‘lgan talabalarimiz uchun muammoli bo‘lib turgan turar joy binolari vaqflar evaziga o‘z yechimini topsa.

Iskandar Tursunov,

INCEIF Islom moliyasi xalqarota’lim universiteti magistranti, Islom moliyasi mutaxassisi.

Mavzuga oid
Top