12:06 / 19.10.2022
7926

O‘zbekistonning qator hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilishi mumkin

Energetika vazirligi O‘zbekistonning qator hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilishidan ogohlantirdi.

Vazirlik mutaxassislarining prognozlariga ko‘ra, havoning mayda chang zarralari bilan ifloslanishi, ularning shu jumladan elektr uzatish liniyalariga o‘tirib qolgani, shuningdek, «O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra yaqin kunlarda oylik normaning 70-90 foizini tashkil etuvchi yomg‘irlar tufayli elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

«Bu elektr liniyalariga o‘tirib qolgan chang va kir, shuningdek, yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilikning yuqori bo‘lishi elektr energiyasi uzatishda uzilishlarga olib keladigan nosozliklarni keltirib chiqarishi bilan bog‘liq», — deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrining ayrim tumanlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Ayni paytda shu munosabat bilan avariya brigadalari tuzilgan.

Mavzuga oid
Top