20:29 / 19.10.2022
38652

Xerson bo‘yicha «nooddiy qarorlar». Yangi qo‘mondon Surovikin nimani nazarda tutdi?

Frontdagi vaziyat qaltis. Xerson bilan nima bo‘lishi - noaniq. Oddiy bo‘lmagan qarorlarga qo‘l urilishi mumkin.

Foto: EPA

Oktyabr oyi boshida Rossiyaning Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlari qo‘mondonligiga tayinlangan armiya generali Sergey Surovikinning Xerson bo‘yicha «nooddiy qarorlar» qabul qilinishi istisno etilmasligi borasidagi bayonotini ayrimlar Xersondan va Dnepr daryosining o‘ng sohilidan butkul chekinishga tayyorlanish sifatida baholayotgan bo‘lsa, boshqalar o‘ng sohilda egallangan hududlarda oxirigacha himoyalanish bo‘yicha qat’iyat ko‘rsatilishi deb talqin qilmoqda.

Seshanba kuni kechqurun Surovikin Rossiya qo‘shinlarining Xersondagi harakatlari harbiy-taktik vaziyatga bog‘liq bo‘lishi va «bugungi kunda u yerda vaziyat ancha qiyinlashgani» haqida gapirdi. Uning chiqishi «Rossiya 24» telekanali orqali efirga uzatildi. Bu ushbu generalning 8 oktyabr kuni Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi guruhi qo‘mondoni etib tayinlanganidan buyon bergan ilk bayonoti bo‘ldi.

Surovikin Xerson aholisi uchun juda qiyin vaziyat yuzaga kelgani - Antonov ko‘prigi va Kaxova GES to‘g‘oni HIMARS reaktiv snaryadlari tomonidan shikastlangani, ular bo‘ylab harakatlanish to‘xtatilgani, oziq-ovqat yetkazib berish murakkablashgani, ichimlik suvi va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar mavjudligini aytib o‘tgan.

«Har qanday holatda ham biz tinch aholi va harbiy xizmatchilarimiz hayotini maksimal darajada saqlab qolish zaruratidan kelib chiqamiz. Biz ongli ravishda, o‘z vaqtida, oddiy bo‘lmagan qarorlar qabul qilinishini istisno etmagan holda harakat qilamiz», degan general.

Taxminan shu vaqtda Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari Vladimir Saldo Dnepr daryosining o‘ng sohilidagi to‘rt rayon aholisi evakuatsiyasi haqida e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Ukraina qurolli kuchlarining keng ko‘lamli hujumi kutilayotgani, Kaxova GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi hamda oblastning ulkan hududlarini suv bosish xavfi yuzaga kelgani bilan bog‘liq.

Saldo chorshanba kuni Xerson oblastining 60 ming aholisi Dnepr daryosining chap sohiliga ko‘chirilishi rejalashtirilayotgani, bunga olti kun vaqt ketishini aytdi.

Oktyabr oyi boshida Ukraina harbiy bo‘linmalari Dneprning o‘ng sohilida rossiyaliklar mudofaasini yorib o‘tib, Berislav va Kaxova GES yo‘nalishlarida ilgarilay boshladi. Natijada Xersondagi Rossiya qo‘shinlari qurshovga tushish xavfi reallashdi.

Xerson - ikki tomon uchun ham muammo

Rossiya armiyasi Ukrainaga bosqinning ilk kunlaridayoq ortiqcha qarshiliksiz egallagan Xerson hududida Rossiyaning ulkan guruhi joylashtirilgan - ochiq manbalarga ko‘ra, 15-20 ming harbiy xizmatchidan iborat qo‘shin.

Ayni vaqtda Rossiyaning o‘ng sohildagi mudofaa chizig‘i ulkan yoy shaklini olgan - Qora dengizdagi Dnepr ko‘rfazining Xersondan g‘arbdagi qismidan shimolda Dnepr daryosi bo‘yidagi Milovoye qishlog‘igacha.

Yassi tekisliklar va deyarli daraxsiz maydonlarda mudofaalanish ham, hujumga o‘tish ham qiyin, ammo agar hujumdagi xato faqat yo‘qotishlarga olib kelsa, himoyalanishdagi xato falokat deganidir.

Rossiya Xersonni yo‘qotishni istamaydi - bu urush boshidan buyon egallashga muvaffaq bo‘lingan yagona oblast markazidir. Ammo agar Ukraina qurolli kuchlari Berislavga yorib kirsa va Xerson guruhini bloklab qo‘ysa, katta ehtimol bilan, bu guruh taqdiri ayanchli bo‘ladi - guruh ta’minotsiz uzoq bardosh bera olmaydi. General Surovikin esa hozirning o‘zidayoq ta’minot oson kechmayotganini tan olmoqda.

Boshqa tomondan, Ukraina armiyasi ham Xersonni qamal qilish va uni shturm bilan egallash uchun kuyib pishmayapti - bunday yirik shaharda ko‘cha janglari juda ko‘p qon to‘kilishiga olib keladi.

«Ozodlik radiosi» xabar berishicha, Rossiya qo‘shini Xerson oblastida Ingulets daryosi (Dnepr irmog‘i) orqali ikkita ponton kechuv o‘rnatgan. 11 oktyabr kuni Planet Labs sun’iy yo‘ldoshi orqali olingan suratlarga ko‘ra, ulardan biri Darevskiy ko‘prigi yonida, ikkinchisi esa Ukraina armiyasi avvalroq yakson qilgan eski kechuv joyidan 100 metr masofada joylashgan.

Antonov ko‘prigida 20 iyul kungi zarbalar oqibatlari. Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS

Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, Ukraina qurolli kuchlari bu vaqtinchalik kechuv yo‘llarini bombardimon qilmayapti, holbuki Ingulets orqali o‘tgan statsionar (muqim) ko‘prikni avgust oyidayoq osonlik bilan safdan chiqarishgandi. Bu orqali ular signal berayotgan bo‘lishi ham mumkin: xohlasangiz keting, biz qarshi emasmiz.

Javobgarlikka tortish istagi

Rossiya armiyasi Ukrainada ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarga uchramoqda. Xarkiv atrofida va Limandagi qaqshatqich mag‘lubiyatlar ortidan janubiy frontda ham muvaffaqiyatsizlikka uchralishi tufayli Ukraina bilan urush tarafdorlari safida tushkun kayfiyat hukm surmoqda.

Urushning birinchi bosqichida yakson etilgan kolonnalar, Kiyev, Chernihiv va Sumi oblastlaridan chekinish, Qora dengiz floti flagmani bo‘lgan «Moskva» kreyseri va boshqa harbiy kemalar cho‘ktirilishi, Ilonli orol (Zmeiyniy) tashlab chiqilishi - bularning hech biri unutilmagan. Endi esa - Qrim ko‘prigi portlatildi, Ukraina qurolli kuchlari frontning turli uchastkalarida hujum qilmoqda va oldinga siljimoqda, hatto Rossiya hududidagi infratuzilma obektlari ham o‘qqa tutilmoqda.

Oktyabr oyining ilk haftasidayoq Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida 29 ta aholi yashash manzillarini ozod etdi

Rossiyada e’lon qilingan safarbarlik urush partiyasi tarafdorlarida ma’lum umidlar uyg‘otgan bo‘lsa-da, hukumat reytingini ko‘tarmadi - frontda hamon yutuqlar yo‘q, odamlar halok bo‘lishi davom etmoqda, norozilik kuchayib bormoqda. Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW)tahlilchilarining so‘nggi hisobotida «qisman safarbarlik»ning notekis tabiati Rossiya jamiyatida bo‘linishga olib kelishi mumkinligi ta’kidlanadi.

Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, o‘z ixtiyoridagi qo‘shinlarga ega bo‘lgan odamlar - Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin ochiqchasiga rossiyalik harbiy boshliqlar layoqatiga shubha bildira boshladi. Ularning ortidan kremlparast bo‘lgan blogerlar, harbiy korrespondentlar va federal telekanallardagi propagandachilar ham harbiy rahbariyatni tanqid qilishga kirishdi.

8 oktyabr kuni Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni etib tayinlangan armiya generali Surovikin esa hukumat bosqin boshidan buyon teleefirda namoyish etishga qaror qilgan ilk harbiy boshliq bo‘ldi. Nega?

«Vatanparvar» blogerlar nima demoqda?

Surovikin teleekranda juda yaxshi kayfiyatda ko‘rinmadi - u kameradan boshqa tomonga qarab turib gapirdi, katta ehtimol bilan oldindan tayyorlangan matnni hech qanday qo‘shimcha qilmasdan o‘qib berdi (buni uning ko‘z harakatidangina emas, o‘qish ohangidan ham payqash qiyin emasdi).

Ammo bu muhim emas - axir u matbuot kotibi emas, balki jangovar general. Muhimi u aytgan so‘zlardir.

Uning bayonotining qisqacha mazmuni shunday:

Umuman olganda, maxsus amaliyot hududidagi vaziyat keskin. Bizning dushman — jinoiy rejim, biz ukrainlar bilan bir xalqmiz va bitta narsani istaymiz: Ukraina G‘arbdan ozod, Rossiya bilan do‘stona davlat bo‘lsin. Ukraina qurolli kuchlari barcha zaxiralarini oldingi chiziqqa keltirmoqda, shu jumladan tayyor bo‘lmagan hududiy mudofaa kuchlarini ham — ular amalda halokatga mahkum. Natsionalistlardan tuzilgan zagradotryadlar qochishga uringanlarning barchasini otib tashlamoqda. Ukraina qurolli kuchlarida kuniga o‘rtacha 600-1000 ming kishi halok bo‘lmoqda va yaralanmoqda. Biz tez sur’atlarda harakatlanishga intilmaymiz, chunki har bir askarni ehtiyot qilamiz va bu tinch aholi orasidagi qurbonlar sonini ham qisqartiradi. Xerson yo‘nalishida — vaziyat murakkab. Shaharning o‘zida ta’minot bilan bog‘liq muammolar mavjud. NATO Ukrainadan hech qanday qurbonlarni o‘ylamasdan, hujum amaliyotlari o‘tkazishni talab etmoqda. Kiyev urushning taqiqlangan metodlaridan foydalanishi mumkinligi haqida dalillar mavjud. Bizning vazifamiz — hayotni saqlab qolishdir, shuning uchun aholini olib chiqishni amalga oshiramiz. Xerson bo‘yicha keyingi rejalar vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. Nooddiy qarorlar qabul qilinishi mumkinligini istisno etmayman.

Avvaliga hech qanday yangi gap yo‘qdek tuyuladi: «dushman - bu Ukraina fuqarolarini o‘limga yuborayotgan jinoiy rejim», «ukrain hukumati jang maydonini tark etmoqchi bo‘lganlarning har birini otib tashlovchi millatchilardan tuzilgan maxsus otryadlardan foydalanadi», «biz yuqori sur’atlarda harakatlanishga intilmayapmiz, har bir askarni ehtiyot qilyapmiz».

Ehtimol, agar Surovikin Xerson atrofidagi Rossiya armiyasi tushib qolgan og‘ir holat haqida ochiq gapirmaganida, uning chiqishi alohida taassurot qoldirmagan bo‘lardi. Ammo u aytdi - va bu Ukrainadagi urushni madh etuvchi ko‘pchilikni ma’yus holga soldi. «Bari yo‘q bo‘ldi, urush boy berildi», deya yozishdi ular.

Ammo ayrim kremlparast blogerlarning Surovikinning chiqishiga ilk reaksiyasi ijobiy bo‘ldi. Ular barchasi ro‘yirost aytilganini yuqori baholashdi.

«Vaziyat og‘ir va ilk marta bu haqda [mudofaa vazirligi vakili] Igor Konashenkov yoki Bosh shtabning qandaydir umumlashma qiyofasi emas, amaliyot rahbarining o‘zi ochiqchasiga gapirmoqda. To‘g‘riso‘zlik va mas’uliyatlilik hamisha yaxshi», deya yozadi VGTRK reportyori Aleksandr Sladkov.

«Xerson bilan nima bo‘ladi? Vaziyat ko‘rsatadi. Hududni qaytarish imkoni hamisha bo‘ladi, halok bo‘lgan askarni esa - hech qachon», deya ta’sirli so‘zlarni qo‘llaydi Sladkov.

«Surovikin, ehtimol, yangi tariximizda yomon yangilik aytib amalda xalq qahramoniga aylangan ilk generallardan. Zamonaviy jamiyatning haqiqatga bo‘lgan talabi aslida qanchalik total ekaniga baho bering», deydi WarGonzo telegram kanali muallifi tushkunlikka tushmagan holda. 

Boshqalar esa generalning so‘zlarini chekinish haqidagi signal emas, balki qandaydir jiddiy narsaga tayyorlanish sifatida qabul qilishgan.

«Men shaxsan Surovikinning harbiy-taktik vaziyat bo‘yicha oddiy bo‘lmagan qarorlar qabul qilish istisno etilmasligi to‘g‘risidagi iborasi haqida butunlay boshqa narsani o‘yladim. Masalan, qandaydir juda kuchli narsadan foydalanish haqida qiyin qaror qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, aytishadi-ku, yashasak - ko‘raveramiz», - deya yozadi Zapiski Veterana telegram-kanali muallifi.

Milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan va harbiy sohaga ixtisoslashgan «Rybar» telegram-kanalining hisoblashicha, «aholi bilan nihoyat kattalarcha gaplashildi». «Allaqachon Xerson yo‘nalishidagi birga besh nisbati Rossiya qo‘shinlari foydasiga hal bo‘lmasligi haqida tushuncha mavjud. Turli ssenariylar - jumladan eng yomonlari ham rejalashtirilgan», - deya yozadi u.

Ukrainalik harbiylar va siyosatchilar hozircha general Surovikinning chiqishiga munosabat bildirmadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top