08:07 / 22.10.2022
7495

Favqulodda holat yuz berganda ishlar qanday tashkil etilishi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Favqulodda holat joriy etilgan hududdagi ishlarga 18 yoshga to‘lgan, bilimi, malakasi va sog‘lig‘i holatiga ko‘ra mehnat qilishga qodir bo‘lgan shaxslar jalb etilishi mumkin.

Quyidagi shaxslarni jalb etish taqiqlanadi: birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar; mehnatga layoqatsiz shaxslar; homilador ayollar; birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan shaxslar; 12 yoshgacha bo‘lgan bolaning ota-onasidan biri yoki vasiysi; 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar, agar ishlar ionlashtiruvchi nurlanish xavfi zonasida amalga oshirilsa.

Ish beruvchi oy yakunida (mehnat shartnomasi amal qilish muddati tugagan yoki bekor qilingan kunda) amalda bajarilgan ish uchun tashkilotdagi amaldagi stavkalar va lavozim maoshlaridan kelib chiqqan holda ish haqi to‘laydi.

Jabrlanganlar uchun zarur yordamga quyidagilar kiradi: vaqtincha yashab turish uchun turar joylar bilan ta’minlash; kuniga uch mahal issiq ovqat, ichimlik suv, kiyim-kechak (sovuq mavsumda – issiq kiyim), yoqilg‘i bilan ta’minlash; tibbiy yordam, reabilitatsiya yordami; favqulodda holat joriy etilgan davrda faoliyati cheklanishi tufayli daromadi yo‘qolgan taqdirda, eng zarur tovarlar bilan ta’minlash va moddiy yordam ko‘rsatish; vaqtinchalik ishga joylashishga ko‘maklashish.

Favqulodda holatni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar natijasida yoki bunday holatlarni yo‘q qilish yoki ular oqibatlarini bartaraf etish choralari qo‘llanilishi sababli yetkazilgan zararlar qoplanishi lozim. Jabrlanganlar mol-mulki tegishli xavf bo‘yicha sug‘urta qilingan holatlarda ularga yetkazilgan zarar tegishli sug‘urta tashkilotlari tomonidan qoplanadi.

Hujjat bilan quyidagi masalalarni tartibga soluvchi nizomlar tasdiqlangan:

  • favqulodda holat joriy etilgan hududda avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish hamda ta’minlash uchun band bo‘lmagan aholini jalb etish va ular mehnatiga haq to‘lash;
  • favqulodda holat joriy etilgan hududda jabrlangan shaxslarga zarur yordam ko‘rsatish va yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash;
  • favqulodda holatni ta’minlashda (saqlab turishda) ishtirok etgan shaxslarni hisobga olish, mazkur shaxslarga nisbatan qo‘shimcha kafolatlar va kompensatsiyalarni qo‘llash;
  • favqulodda holat joriy etilgan hududda xalqaro insonparvarlik yordamini amalga oshirish.
Top