10:58 / 27.10.2022
17663
Demokratiya yoki gaz: Yevropa Ittifoqi nega Ozarboyjondan gaz olyapti?

Yevropa Ittifoqi vakillari Rossiya gaziga muqobil izlab yana bir avtoritar davlat – Ozarboyjongacha borishdi.

Foto: Anadolu Agency

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Ozarboyjonni ishonchli va muhim hamkor deb atadi. Ozar muxolifati esa Yevropa Ittifoqining bu harakatini xoinlik deb baholadi. Ularning fikricha, Ozarboyjon baribir Yevropaning gazga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmaydi, YeI vakillarining Bokuga tashrifi esa Ilhom Aliyev hukumatining kuchayishiga xizmat qiladi, xolos.

Putin o‘rniga Aliyev

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen yozda Rossiya gaz bilan shantaj qilayotgani fonida Ozarboyjonga borib, Ilhom Aliyev bilan YeIga gaz yetkazib berish masalasida uchrashgandi. Tomonlar Ozarboyjondan Yevropa Ittifoqigav gaz yetkazib berish hajmini yaqin besh yil ichida ikki baravarga oshirishga kelishib olganidan keyin YeI rahbari Ursula xonim Aliyevning qo‘lini siqib, yoyilib kulgan holda suratga tushdi. YeI rahbarining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu Rossiya tomonidan gaz yetkazib berish hajmi qisqartirilishining o‘rnini bosishi kerak edi.

Bokuga borishidan biroz avval Ursula fon der Lyayyen Tvitterdagi sahifasida Yevropa Ittifoqi endilikda energiya yetkazib berishda ishonchliroq tomonga murojaat qilishi haqida yozib, Ozarboyjonni muhim hamkor deb atagandi. Ammo hamma ham Ursula xonimning bayonotini qo‘llab-quvvatlamadi. Tanqidchilar Yevropa Ittifoqi bir avtoritar davlatdan qochib, boshqa bir avtoritar davlatga tutilayotganini aytishdi.

Ozarboyjondagi huquq faollari Yevropa Ittifoqining bu harakatidan keyin ittifoqning inson huquqlari bilan hech qanday ishi yo‘q degan qarorga kelishdi. 50 nafar fransiyalik siyosatchi esa borada bayonot ham tayyorlashdi. Unda Yevropa Ittifoqi Ozarboyjonni tanlash orqali o‘zini kuchsizlantirishi, Ilhom Aliyev diktaturasini esa kuchaytirishi aytilgan.

Inson huquqlari afzalmi yoki gaz?

«Bu kelishuv inson huquqlari borasidagi bosimlar, faollarga qarshi repressiyani o‘z soyasida qoldirmasligi kerak. Aks holda Yevropa Ittifoqi energiya ehtiyojini o‘z gazi va nefti uchun pul to‘lab hukumatini kuchaytirgan bir avtoritar davlatdan qochib, xuddi shunday boshqa bir davlat orqali qondirishga majbur bo‘ladi», deydi ozarboyjonlik muxolifatchi Baxtiyor Gajiyev.

Ozarboyjonda kamsonli miting ishtirokchilari ham olib ketiladi. Foto: Getty Images

Muxolifatchining fikricha, YeI vakillari Ozarboyjonga tashrifi chog‘ida jamoatchilik fikrini ham o‘rganishi kerak edi. Ursula fon der Lyayyen Bokuga tashrifi chog‘ida faqat mamlakat rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazganini huquq faollari Yevropa Ittifoqi o‘z qadriyatlarini gazga almashdi deb izohlashmoqda.

Boshqa tomondan YeI rahbari hech qachon Ozarboyjondagi inson huquqlari buzilishini izohlamagan, bu aslida uning vazifasiga ham kirmaydi. Ammo boshqa tomondan Ursula xonim bu narsani muhokama qilishiga hech nima xalaqit bermagan. Masalan, Turkiya bilan bo‘lgan holatdagi kabi.

Yevropada Ozarboyjonda inson huquqlari buzilishi umuman muhokama qilinmagan deb bo‘lmaydi. Germaniya Bundestagi deputatlari Ursula xonim ham bo‘lgan Yevropa Ittifoqi parlamenti yig‘ilishida Ozarboyjonda inson huquqlari buzilayotganini tanqid qilishgan.

Sentyabr oyi oxirida Ruminiya, Bolgariya, Vengriya va Slovakiya kabi davlatlar Ozarboyjon gazini Yevropa Ittifoqiga o‘tkazish uchun qo‘lidan kelganini qilishini ma’lum qilgandi.

Ursula fon der Lyayyen o‘ziga nisbatan aytilayotgan tanqidlarni o‘rinsiz deb hisoblashini ta’kidlab, Gretsiya – Bolgariya gaz o‘tkazgichi ochilishiga bag‘ishlangan uchrashuvda bu borada fikr bildirgandi. «Mana shunday loyihalar evaziga Yevropa Ittifoqida qishga borib yetarlicha gaz bo‘ladi. Rus gaziga bo‘lgan qaramlikdan chiqishning birinchi yo‘li mana shunday ishonchli hamkorlarimiz kabi yangi variantlar topish edi. Janob Aliyev, yozda sizning oldingizga ham aynan mana shu masala bo‘yicha borgan edim», degandi u zalda o‘tirgan Ilhom Aliyevga yuzlanib.

Ammo ozar muxoliflari Yevropa faqat energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish haqida o‘ylamasligi kerak deb hisoblaydi. «Yevropaga gaz kerak ekan, juda yaxshi. Lekin Yevropaning energiya xavfsizligi inson huquqlari cheklanishiga ko‘z yumish orqali ta’minlanishi kerak emas», deydi ozarboyjonlik muxolif Baxtiyor Gadjiyev.

BBC ushbu mavzudagi tanqidlar masalasida izoh so‘rab Yevropa Ittifoqiga murojaat qildi, ammo hech qanday javob ololmadi.

Ozarboyjon gaz berishni tezda oshira olmaydi, unchalik ko‘p gaz ham berolmaydi

Yevropa Ittifoqi rahbariyatining Aliyev bilan uchrashuvi tezda samara berishini kutish qiyin. Hozir ham, bir necha yildan keyin ham Ozarboyjon Yevropaga Rossiya beradigan gazning o‘rnini bosadigan miqdorda gaz yetkaza olmaydi. Rossiya Yevropa Ittifoqiga yiliga 150 milliard kubometr gaz yetkazib berardi. Ozarboyjon esa faqat yaqin kelajakda yiliga 20 milliard kub gaz berishi mumkin.

Ozarboyjonning gazi Gruziya orqali Turkiyaga Transanatoliy gaz o‘tkazgichi orqali, Yevropaga esa 2020 yilda ishga tushirilgan Transadriatik gaz o‘tkazgichi orqali boradi. Birinchi o‘tkazgichning hajmi yiliga 16 milliard kub, ikkinchisiniki esa yiliga 10 milliard kub.

Ozarboyjon energetika vaziri Parviz Shahbozovning aytishicha, Turkiyaga boradigan o‘tkazgich 31 milliard kubometrgacha, Yevropaga ketadigani esa 21 milliard kubometrgacha gaz o‘tkazishi mumkin. Atrof muhit muhofazasi va yashil energetika bo‘yicha mutaxassis Gligor Radechichning aytishicha, bu jihatlar Yevropa Ittifoqi uchun qo‘shimcha muammolar tug‘diradi.

«Ozarboyjon gaz qazib olish hajmini texnik jihatdan kamida 5-7 yilsiz oshira olmaydi. O‘shanda ham Ozarboyjondan boradigan gaz Yevropa ehtiyojlarining bir qismini qondiradi xolos», deydi mutaxassis.

2021 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari 412 milliard kubometr gaz iste’mol qilgan va iste’molni 2030 yilga boribgina 30 foizga kamaytirishni mo‘ljallayapti. Ozarboyjon beradigan 20 milliard kub ittifoq davlatlari uchun juda kam miqdor hisoblanadi.

Karnegi fondining Kavkaz bo‘yicha mutaxassisi Tomas de Vaalning fikricha, Yevropa uchun Ozarboyjon bilan imzolangan kelishuv avvalo iqtisodiy emas, siyosiy signaldir. Chunki bu kelishuv Yevropaga yaqin o‘rtada foyda bermaydi.

«Bu kelishuvda gap 2027 yilga borib gaz yetkazib berishni oshirish haqida bormoqda, lekin Yevropaga gaz hozir kerak, keyingi qishda ham kerak bo‘ladi. Shunday ekan, sen yashil energetikaga o‘taman deb turgan vaqtingda Bokuga uzoq muddatli shartnoma bilan gaz so‘rab borishing g‘alati. Hozir Yevropada ikkita muammo bor. Birinchidan, qishda kuzatiladigan qisqa muddatli energiya defitsiti. Ikkinchidan, Yevropa yaqin kelajakda gaz iste’molini kamaytirmoqchi», deydi ekspert.

Uning fikricha, Ozarboyjonda bu kelishuvni Yevropa Ittifoqi tomonidan mamlakat rahbariyatiga nisbatan qo‘llab-quvvatlov deb talqin qilishmoqda. «Ozarboyjonni ishonchli va muhim hamkor deyishmoqda, hamkorlik va do‘stlik tili bilan gapirishmoqda», deydi Tomas de Vaal.

Haydar Aliyev davridan buyon Ozarboyjon Yevropaga neft va gaz yetkazib berish ustida ishlab keladi
Foto: AZERTAG

Yevropaga gaz, Ozarboyjonga qo‘lga olishlar

Tinchlikparvarlik bo‘yicha ozarboyjonlik tadqiqotchi Orzu G‘aybullaning fikricha, bu kelishuv imzolanayotganda Yevropa Ittifoqi Ozarboyjonda demokratiya bor yoki yo‘qligi bilan umuman qiziqmagan.

«To‘g‘ri, yevropaliklar Ozarboyjonning fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan, lekin bu uchrashuvlar mamlakatdagi hech narsani o‘zgartira olmagan. O‘sha uchrashuvlardan ba’zilarida ishtirok etgan odam sifatida shunday xulosaga kelganman: Yevropada Ozarboyjon bu davlat haqida bosh qotirishga arzimaydigan darajada uzoqda joylashgan deb bilishadi», deydi tadqiqotchi.

Uning fikricha, Ozarboyjonda mavjud bo‘lgan inson huquqlari bilan bog‘liq katta muammolarga qaramay, Yevropa Ittifoqi bu masalalarda neytrallik saqlab kelgan. Xususan, Qorabog‘ uchun urushlar masalasida ham. O‘z navbatida, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev oilasining Yevropada ko‘plab aktivlari bor, mamlakat esa korrupsiya mavjudligi bo‘yicha reytingda 180 davlat orasida 128-o‘rinda turadi.

Mustaqil manbalarning hisoblashicha, ayni damda Ozarboyjonda kamida 100 nafar siyosiy mahbus bor. Ular orasida ijtimoiy faollar, siyosatchilar va jurnalistlarni ko‘rish mumkin. Huquq himoyachilari aytishicha, Ozarboyjon hukumati anchadan buyon tuzum tanqidchilarini mamlakatga qaytarib, ularni qamash ustida ish olib bormoqda.

«Chegara bilmas muxbirlar»ga ko‘ra, Ilhom Aliyev mamlakatda plyuralizmning har qanday ko‘rinishini yo‘q qilgan va 2014 yildan buyon barcha tanqidchilarning ovozini o‘chirib kelmoqda. Mustaqil matbuot reytingida Ozarboyjon 154-o‘rinda turibdi, Rossiya va Belarusning o‘rtasida.

Mamlakatda huquq faollariga qarshi harakatlar tez-tez kuzatiladi. Masalan, Gruziyaga ketgan surishtiruvchi jurnalist Afg‘on Muxtorlining zo‘rlab mamlakatga olib kelinishi. Uni chegarani noqonuniy buzib o‘tishda ayblab qo‘lga olib, qamashgandi. Bunday voqealar oz emas. Masalan, sentabrda taniqli jurnalist va uning advokatini qo‘lga olishgandi.

30 sentabrdan bir guruh faollar siyosiy partiya tuzishdagi talablar oshishini ta’minlovchi yangi qonunga qarshi namoyishga chiqishdi. Bu namoyish kuch bilan tarqatilgandi. Germaniyaga qochgan siyosiy faollarning Ozarboyjonga deportatsiya qilinishi esa Yevropa Ittifoqining inson huquqlari bo‘yicha siyosatini shubha ostida qoldirdi. Bunday voqealar bir necha marta bo‘lgani uchun tanqidchilar Ozarboyjon va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kelishuv ham bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar bildirgan.

Ozarboyjon neft va gazdan tashqari siyosiy mahbuslar va qatag‘ondan xorijga qochgan o‘nlab faollar bilan ham mashhur
Foto: AFGAN MUKHTARLY

2013 yilda Yevropa Kengashi parlament assambleyasi Ozarboyjondagi inson huquqlari kamsitilayotganini qoralayotgan keskin rezolyutsiyani qabul qilmay, o‘rniga uning «yumshatilgan versiyasi»ni qabul qilgandi. Jurnalistlar hatto Ozarboyjon yevropalik deputatlarni surunkasiga sotib olgani, evaziga ulardan mamlakatdagi inson huquqlari masalasini muhokama qilmaslik so‘ralgani borasida surishtiruv ham o‘tkazilgandi.

Yevropalik ko‘plab deputatlar Ozarboyjonga borib, qimmatbaho gilamlar va ikra kabi sovg‘alar olgani shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Oqibatda ularning 13 nafari ishdan ketgan. Bu voqealar «ikra diplomatiyasi» nomi bilan eslanadi.

«Sotsial blokning qulashidan keyin paydo bo‘lgan xursandchilik zavqida sobiq tiranlarga faqat demokratiya ta’sir qilishi mumkin degan fikr paydo bo‘lgandi. Amalda esa hammasi unchalik oddiy emasligi, avtoritar rejimlar demokratiyaga ta’sir qila olishi ko‘rindi. Ozarboyjondagi tuzum bu borada juda faol ishlamoqda. Siyosatchilarni sotib olish mumkinligi Yevropa demokratiyasining kamchiligi ekani ko‘rindi. Xulosa ham shunga qarab qilinadi», deydi sotsiolog Sergey Rumyansev.

Orzu G‘aybullaning fikricha, Yevropa Kengashi parlament assambleyasi Ozarboyjonda inson huquqlari buzilishini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilinmagani mamlakatda huquq faollariga qarshi repressiya kuchayishiga olib kelgan: «Yevropadagi asosiy tashkilot uzoq yilga qamalgan, qo‘lga olinganlarning huquqini himoya qilishi mumkin bo‘lgan hujjatni qabul qilmagani Yevropa Ittifoqi uchun Ozarboyjonda demokratiya bo‘lishi umuman qiziq emasligini ko‘rsatadi», deydi ekspert.

Ekspertlar fikricha, demokratiya diktaturaga ta’sir qilishidan tashqari, buning aksi ham bo‘lishi mumkin
Foto: Getty Images

Demokratiya o‘z yo‘liga, gaz o‘z yo‘liga

Tarixchi Orif Yunusning fikricha, aksar ozarboyjonlik muxolifatchilar Ilhom Aliyev va Ursula fon der Lyayyen imzolagan kelishuvni demokratik qarashlarga xiyonat deb baholashmoqda. Ular endi Yevropa gazsiz qolmaslik uchun Aliyev so‘ragan muxolifatchilarni deportatsiya qilaverishidan xavotirda.

Tarixchining o‘zi esa bu qarashlarga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, 18 iyul kuni imzolangan shartnoma energetika masalasidagi boshqa kelishuvlar kabi oddiy hujjat. Yevropa Ozarboyjonga nisbatan energetika masalasida boshqacha, demokratiya bo‘yicha boshqacha qaraydi, deydi yozuvchi.

Atropolok Sevil Huseynova Yevropaning Ozarboyjonga nisbatan munosabatini 1960-yillardagi Germaniya Federativ Respublikasining avtokrat Sharqiy Germaniyaga nisbatan «yaqinlashish orqali o‘zgartirish» siyosatini qo‘llagani bilan taqqoslagan: «GDR avtokrat davlat bo‘lgani, sovuq urush vaqtida GFRga xavf tug‘dirganiga qaramay, aqlli siyosatchilar yaqinlashish haqida o‘ylagandi. Ular bir necha yil keyinga bog‘lab rejalar tuzgan. Bu reja 30 yildan keyin bo‘lsa ham ishladi», deydi atropolok.

Uning fikricha, ayni holatda bu siyosat «savdo orqali o‘zgartirish» deb talqin qilinishi mumkin. «Bunda o‘zaro kelishuv asosidagi o‘zgarishlar bo‘ladi: siz bizga ikki tomonlama biznes rivoji uchun xomashyo bering, biz sizga yangi texnologiya va innovatsiyalar qatorida demokratik g‘oyalar, inson huquqlarini beraylik», deydi ekspert.

Husaynovaning so‘zlariga ko‘ra, Tayvandagi voqealar, Xitoydagi uyg‘urlarga nisbatan repressiya, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush yuqoridagi «yaqinlashish orqali o‘zgartirish» siyosati o‘zini oqlamaganini ham ko‘rsatmoqda. Yevropada ko‘pchilik avtokratlarga qarshi keskin pozitsiyada bo‘lish kerak deb o‘ylamoqda.

Tarixchi Orif Yunusning aytishicha, demokratik islohotlar bo‘yicha masalalar alohida hujjatlar bilan tartibga solinishi kerak. «Gap 2017 yildan buyon muzokaralar ketayotgan Yevropa Ittifoqi va Ozarboyjon o‘rtasidagi keng qamrovli kelishuv haqida bormoqda. Yevropa Ittifoqi 5 yildan buyon Ozarboyjon qonunchiligi, saylovlari va fuqarolik jamiyatini tuzish jarayonini o‘zgartirishi kerakligini ta’kidlab keladi. Rasmiy Bokuga ta’sir qilish borasida asosiy rolni Yevroparlament o‘ynaydi. U yerda Aliyevga qarshi kayfiyat shakllangan», deydi tarixchi.

Chindan ham o‘tgan yillarda Yevrokomissiya guruhi Bokuga borgan kuni Bryusselda Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri bilan aynan Yevropa Ittifoqi va Ozarboyjon o‘rtasidagi keng qamrovli kelishuv masalasi muhokama qilingan. O‘sha vaqtda Aliyev Bokuda Yevroparlament vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, tashkilot Ozarboyjonga qarshi rezolyutsiyalar qabul qilgani, mamlakat manziliga haqorat, o‘rinsiz ayblov va yolg‘on ma’lumotlar bildirganidan hayratga tushganini iddao qilgandi. «Bularning barchasidan keyin Bokuga kelganingizga ham hayron qoldim», degandi Aliyev.

Ozar davlat nashrlari bu uchrashuv ortida arman lobbistlari turgan bo‘lishi mumkinligini aytib, uni yoqimsiz voqeadek talqin qilgandi. Neft va gaz borasidagi uchrashuvlarni esa ozar nashrlari ancha ko‘tarinki kayfiyatda yoritdi.

Ekolog Gligor Radevich Ozarboyjon yevropaliklar energiya masalasida murojaat qilgan yagona nodemokratik tuzum emasligini ta’kidlab, Ukrainadagi urush fonida YeI bu borada Saudiya Arabistoni va Qatarga ham aloqaga chiqqanini aytdi. Radevich neftga boy bo‘lgan aksar davlatlarda demokratiya oqsashiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, xomashyodan kelayotgan katta pul demokratiya susayishi va kelajakda repressiya kuchayishiga xizmat qiladi.

Ekspert fikricha, hozir Yevrokomissiya va Yevropa Ittifoqi rahbariyatiga o‘z saylovchilarini ular qishda bo‘lishi kutilayotgan energiya inqirozidan chiqishga urinayotganini ko‘rsatish birlamchi masala. Buning uchun esa hatto inson huquqlari masalasini ham chekkaga surib turishibdi...

Mavzuga oid
Top