22:07 / 28.10.2022
16710

Tsukerberg xatosi Meta kompaniyasiga juda qimmatga tushgani ma’lum bo‘ldi 

Meta tavakkal qildi va hozirgi vaqtda 676 milliard dollarga teng bo‘lgan xatoga yo‘l qo‘ygani oydinlashdi. 

Foto: Getty Images

2021 yilning oktabr oyida Facebook asoschisi Mark Tsukerberg ijtimoiy tarmoq nomini Meta qilib o‘zgartirdi va metakoinotni taqdim etdi. 

Oradan bir yil o‘tgach, kompaniyaning daromadlari pasayib ketdi. Hozirgi vaqtda Meta kompaniyasining bozor qiymati 676 milliard dollarga kamaygan. 

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu texnologik platforma hozirgi kunda dunyodagi eng qimmat 20 ta kompaniyasi ro‘yxatiga kirmaydi. 

Metakoinot bilan bog‘liq tajribaning muvaffaqiyatsiz chiqqani Meta kompaniyasining so‘nggi chorak moliyaviy natijalari e’lon qilinganida oydinlashdi. Bu esa bozorning qulashiga olib keldi. 

Meta xabariga ko‘ra, 2022 yilning uchinchi choragida kompaniya daromadi 4,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilgi 9,2 milliard miqdoridagi daromadga nisbatan 2 barobar kam. 

Bu yangilik ortidan Meta aksiyalari qiymati 25 foizga tushib ketdi, bu fevral oyidan beri eng yomon bir kunlik pasayishdir. 

Tanqidchilar muvaffaqiyatsizlikda metakoinot aybdor deb hisoblashadi. 

«Meta hamma narsasini hali ham mavjud bo‘lmagan metakoinotga tikdi va bu loyiha samara bermayapti», dedi GlobalData tahlilchisi Reychel Foster Jons.  

E’lon qilingan hisobotlarga ko‘ra, Meta bu loyiha hali xarajatlarni qoplamagan bo‘lsa-da, sarmoya kiritishda davom etmoqda. 

«Ko‘plab odamlar bunday sarmoyaga qo‘shilmasligini tushunaman», dedi Tsukerberg metakoinot haqida.

Meta 2022 yilda metakoinot yaratuvchisi Reality Labs kompaniyasiga 9 milliard dollar sarflagan. O‘tgan yili esa 10 milliard dollar. Meta loyihaga sarflangan xarajatlar 2023 yildan keyin qoplanishini aytmoqda. Ammo hozircha faqat pul sarflashda davom qilyapti. 

Bloomberg tahlili shuni ko‘rsatdiki, 38 yoshli Tsukerberg so‘nggi 13 oy ichida dunyo milliarderlari orasida «eng katta zarbaga» uchradi. Hozirgi vaqtda uning boyligi 38,1 milliard dollarga tushib qolgan. O‘tgan yilning sentabrida Tsukerberg boyligi 142 milliard dollarga teng edi. 

Top