14:04 / 01.11.2022
3617

Qonunchilik palatasi “Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi

1 noyabr kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida "Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Qonun loyihasi 1-o‘qishda 2022 yil 26 iyulda ko‘rib ma’qullangan. 1 noyabr kuni Qonunchilik palatasi yangi qonun loyihasini ma’qullab Senatga jo‘natdi.

2-o‘qishga tayyorlangan loyihadagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar haqida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Faxriddin Samadov ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, loyihada davlat chegara orqali o‘tkazish punktida jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilovchi normalar kiritilgan. Mazmun jihatdan boblar 10tadan 9taga qisqartirilib, 73 moddadan iborat tahriri tayyorlangan.

Ma’lum qilinishicha, loyiha yangi 10-modda bilan to‘ldirilgan. Unda davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha ham normalar kiritilgan. Davlat chegarasi rejimini belgilash nazarda tutilgan 33-moddaga, davlat chegarasini shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib o‘tish bilan bog‘liq normalar qo‘shilgan. 42-moddadagi shaxslarning, transport vositalari va tovarlarning davlat chegara amaliyotidan kelib chiqqan holda asoslar bilan to‘ldirilgan.

2-o‘qishdagi muhokamalar asosan qonun loyihasidagi hujjatdagi ayrim atamalar va mazmunan to‘ldirish kerak bo‘lgan o‘rinlar haqida bo‘ldi.

Shundan so‘ng uchinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi Senatga yuborilishi belgilandi. Hujjat Senat tomonidan tasdiqlanib, prezident imzolagach kuchga kiradi.

Top