21:27 / 07.11.2022
9623

Toshkent shahri yarim yilda qancha foyda ko‘rdi? – Eng ko‘p yig‘ilgan soliqlar, poytaxt budjeti va jarimalar

Yilning birinchi yarmida poytaxt budjeti 13,8 trln so‘mni tashkil qildi. Eng ko‘p soliq yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha yig‘ilgan. Qariyb 180 mlrd so‘mlik jarimalar to‘langan. Jismoniy shaxslar daromadidan to‘lagan soliqlar o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga o‘sgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar hokimligi 2022 yil birinchi yarmi bo‘yicha budjet sarhisobini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, yarim yillikda Toshkent shahar davlat budjeti  13 trln 819 mlrd so‘mni tashkil etib, prognozdan ( 12 trln 413 mlrd so‘m) 11 foizga bajarildi.

Poytaxt budjeti bo‘yicha muhim raqamlar:

  • mahalliy budjetlar daromadlari 3 trln 215 mlrd so‘mni tashkil etib, Toshkent shahar va tumanlar mahalliy budjetlari belgilangan 2 trln 803 mlrd so‘m prognoz 16 foizga bajarilgan, mahalliy budjetda prognozdan tashqari 412,5 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ qolgan;
  • respublika budjetiga soliq tushumlari bo‘yicha belgilangan prognozdan ortiqcha tushirilgan 907 mlrd so‘m mablag‘ Toshkent shahar mahalliy budjetiga o‘tkazib berilgan;
  • Prezidentning 213-sonli farmoniga asosan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan tushgan 35 mlrd 637 mln so‘m mablag‘  Toshkent shahri mahalliy budjetining daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismiga o‘tkazilgani natijasida 154 mlrd 10 mln so‘m Toshkent shahrining shahar budjetida shakllangan;
  • budjetga ortiqcha to‘langan soliqlar miqdori o‘tgan yilga (76 mlrd so‘m) nisbatan 37 mlrd so‘mga yoki 51 foizga qisqargan bo‘lsa-da, (39 mlrd so‘m) yuqoriligicha qolgan;
  • Shuningdek, soliq tushumlari bo‘yicha eng ko‘p soliq mol-mulk solig‘i hissasiga to‘g‘ri keldi - 569 mlrd so‘m. Bu yo‘nalishda keyingi o‘rinni yagona soliq to‘lovi bo‘yicha tushumlar egalladi – 418 mlrd so‘m.

Sarhisobda yana bir qiziq raqam shuki, rejaga nisbatan eng yuqori o‘sish jismoniy shaxslar daromad solig‘idan tushumlar hissasiga to‘g‘ri keladi – prognozga nisbatan 49,3 foiz ko‘proq yoki 272 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Shu bilan birga, rejaga nisbatan kamroq tushumlar yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i (3,4 foiz) va mahalliy soliqlar va yig‘imlar (19,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi.  

Tumanlar miqyosida eng ko‘p foyda Olmazor tumani hissasiga to‘g‘ri keldi - 95 mlrd so‘m, keyingi o‘rinlarda Yunusobod va Yashnobod.

Mavzuga oid
Top