08:22 / 08.11.2022
3239

O‘zbekiston prezidenti maxsus vakili YeIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili bilan muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan gumanitar va boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi.

Tomas Niklasson O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi, joriy yil iyul oyi oxirida Toshkentda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini alohida ta’kidladi.

Ushbu mamlakatning yangi hukumati tomonidan keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, asosiy inson huquqlarini, ayollar va mamlakatdagi milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilish borasidagi xalqaro hamjamiyatning asosiy talablari bajarilishi muhimligi ta’kidlandi.

Tomas Niklasson O‘zbekiston tomonining Afg‘onistonning yangi hukumatga nisbatan jahon hamjamiyati yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqmasdan turib, o‘tkir ijtimoiy-gumanitar inqirozni bartaraf etish, mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga ko‘maklashib bo‘lmaydi, degan fikriga qo‘shildi.

Tomonlar afg‘on muammosi bo‘yicha ham ikki tomonlama asosda, ham Markaziy Osiyo davlatlari maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.

Top